Toshkent viloyatida Xitoyning “Geely” kompaniyasi bilan elektromobil ishlab chiqarilishi mumkin. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev elektromobil zavodining ishlab chiqarish liniyasi bilan tanishdi.

Xitoyning Shandun provinsiyasida bo‘lib o‘tayotgan ikki tomonlama muzokaralarda bu haqida dastlabki kelishuvga erishildi.

Unga ko‘ra, loyihaga 2024-yili start berilishi kutilmoqda. Dastlabki bosqichda yig‘uv sexi qurilishi belgilanmoqda. Ikkinchi bosqichda esa ishlab chiqarish joriy etiladi.

Geely” — 1986-yilda tashkil etilgan “Geely Holding Group” tarkibiga kiruvchi brend hisoblanadi. Elektromobil ishlab chiqarish 2022-yildan yo‘lga qo‘yilgan.

Zavod ishlab chiqarish liniyasining bir qismi Germaniya texnologiyalari bilan jihozlangan. Shandundagi sanoat hududida joylashgan zavodning o‘zida elektromobilning barcha ehtiyot qismlari ishlab chiqariladi va yig‘iladi.

Joriy yilning fevral oyida “Geely” avtomobil brendi rasman O‘zbekiston bozoriga kirdi. Brend tarkibida “Geely Coolray”, “Geely Monjaro”, “Geely Tugella”, “Geely Okavango”, “Geely Emgrand”, shuningdek, “Geely Geomery C” va “Geely Geometriya E” elektromobillari bor.


Avvalroq Farg‘onada elektromobillar ishlab chiqarishga qaratilgan uch bosqichli loyihaning dastlabki bosqichini boshlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.