Amerikaning “Papa John’s” pitseriya tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida. Bu haqda noyabr oyi oxirida ochilgan “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idagi “Papa Johns Uzbekistan” sahifasidan ma’lum bo‘ldi.

Mazkur sahifaga biriktirilgan “Telegram-bot"da qayd etilishicha, pitseriyalar tarmog‘ining Toshkentda oltita filiali ish boshlashi rejalashtirilgan. Ehtimol, franshiza asosida amalga oshiriladi.

Ovqatlanish nuqtalari “Compass” savdo markazi, “Tashkent City Mall”, “Riviera”, “Dream Park” ko‘ngilochar bog‘i, “Sayram” ko‘chasi va “Minor” metrosi hududida ochiladi.

Bundan tashqari, “Papa John’s” hozirda xodimlarni faol ravishda ishga jalb qilmoqda. Xususan, pizza ishlab chiqaruvchilar, kassirlar va oshxona ishchilari uchun lavozimlar ochiq.

Papa John’s” “Pizza Hut” va “Domino‘s Pizza"dan keyingi dunyodagi uchinchi yirik pitsa tarmog‘i hisoblanadi. 2018-yil oxiri bo‘yicha “Papa John’s” tarmog‘i 5303ta pitseriyadan iborat bo‘lib, ularning aksariyati franchayzing bo‘lgan.


Avvalroq Niderlandiyaning “Spar” supermarketlar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.