“Silk Avia” aviakompaniyasi Yangi yil bayrami arafasida barcha mahalliy yo‘nalishlarga chegirma e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Aviachiptalar uchun pasaytirilgan narxlar joriy yilning 6-dekabridan boshlanadi. Lekin, aviakompaniya qachongacha davom etishiga aniqlik kiritmagan.
Yo‘lovchilar mavjud yo‘nalishlarga aviachiptalarni o‘rtacha 40% chegirma bilan xarid qilishlari mumkin.
Toshkentdan Farg‘ona, Namangan hamda Qarshi shaharlariga chiptalarni 188 ming so‘mdan xarid qilish mumkin. Poytaxtdan Samarqandga 202 ming so‘mni, Buxoro va Navoiyga esa 215 ming so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, Toshkentdan Termiz hamda Urganch parvozlar narxi 295 ming so‘mdan boshlanadi.
Avvalroq “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi talabalar uchun 50% chegirma e’lon qilgandi. Undan joriy yilning 23-dekabridan kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan mahalliy yo‘nalishlardagi aviaqatnovlar uchun foydalanish mumkin.