AQShning “Stirling Foundation” nodavlat xayriya jamg‘armasi O‘zbekistonda amalga oshiriladigan IT sohasiga oid loyihalarni moliyalashtirishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha vazir Sherzod Shermatov “Stirling Foundation” nodavlat xayriya jamg‘armasi prezidenti Maylz Xansen boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Unda jamg‘arma tomonidan mamlakatda moliyalashtirilishi mumkin bo‘lgan loyihalarni aniqlash va kelishish, shuningdek, ularni joriy etish imkoniyatlarini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bolalar va yoshlarning IT ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash, moliyalashtirishda tashkilotlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar ta’lim va IT-tadbirkorlik sohasida birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish niyatida.

Sherzod Shermatov dasturiy mahsulotlar eksportini rivojlantirish, 2030-yilgacha 300 mingta yoshlarni IT sohasida ish bilan ta’minlash hamda xalqaro reytingda elektron hukumat bo‘yicha Top-30talikka kirish bo‘yicha faoliyat olib borishda jamg‘arma bilan hamkorlikda ishlashga chaqirdi.

Avvalroq AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) O‘zbekistonga bir qancha yo‘nalishlardagi loyihalar uchun $14,2 mln ajratishi ma’lum qilingandi.