Yagona portal orqali talabaga hisoblangan stipendiyalar haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun Yagona portalda shaxsiy sahifaga ega bo‘lish kerak. “Spot” Yagona portalda qanday qilib hisob ochish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.
Portalga kirgach, “Ta'lim” bo‘limidan “Stipendiya haqida ma’lumot” xizmatini tanlash zarur.
Undan keyin, kerakli davrni tanglab, ushbu davr bo‘yicha hisoblangan stipendiyalar haqidagi ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.
Shuningdek, mazkur xizmatdan talabalar “HEMIS” axborot tizimi orqali ham foydalanishlari mumkin.
Xizmat faqat hozirda tahsil olayotgan talabalar uchun mo‘ljallangan. O‘qishni tugatgan yoki talaba bo‘lmaganlar uchun stipendiya ma’lumotlari mavjud emas.
Qayd etilishicha, stipendiya ma’lumotlari Iqtisodiyot va moliya vazirligining “UzASBO” tizimi orqali olinmoqda.
Avvalroq talabalar uchun shartnoma to‘lovlarini Yagona portali orqali onlayn to‘lash imkoniyati yaratilgandi.
Portal orqali OTM talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va magistraturaga kirish arizalarini qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilgan.