O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi iqtisodiyotning 0,5%ga o‘sishini ta’minlaydi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Spot"ga ma’lum qildi.
ITIM direktori Obid Hakimov BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida o‘tkazilgan brifingda tashkilotga a’zolik savdo xarajatlarini kamaytirishini ta’kidladi. Buning natijasida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi va shunga mos ravishda aholi farovonligi ham tezlashadi.
“Jumladan, savdoni liberallashtirish sharti bilan iqtisodiy o‘sishni 0,4−0,5%, aholi farovonligini esa 0,9−1,0% darajasida oshirish mumkin”, — dedi u.
Hakimov O‘zbekiston import bojlarini liberallashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirayotganini ta’kidladi. Xususan, texnik jihatdan tartibga solish sohasi isloh qilinmoqda, bunda tarifsiz savdo to‘siqlarini qayta ko‘rib chiqish orqali JST normalari va standartlariga moslashish amalga oshirilmoqda.
ITIM rahbarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi besh yilda tovar va xizmatlar eksporti $12,6 mlrddan $19,3 mlrdga, eksport qilinayotgan mahsulot turlari 1,5 mingdan 3 mingtaga oshgan, geografiyasi esa 139tadan 164ta davlatga ko‘paygan.
Bundan tashqari, 2017-yildan 2022-yilgacha O‘zbekistondan tayyor mahsulot eksporti ikki baravar oshdi.
Obid Hakimov Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro savdo aylanmasining jadal o‘sishiga e’tibor qaratib, 2016-yildagi $4,2 mlrddan 2022-yilda $11 mlrdgacha oshganini qayd etdi.
Mamlakatda 2024-yilgacha transport xarajatlarini kompensatsiya qilishga subsidiya berish tizimini JST talablariga moslashtirish belgilangan.
Bundan tashqari, joriy yilning 1-noyabrigacha tovarlarni “eksport” va “import” bojxona rejimlariga rasmiylashtirish uchun undiriladigan bojxona yig‘imlari stavkalarini tashkilot talablariga muvofiq birxillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirilgandi.