Toshkentda Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasining vakolatxonasi ochildi. Bu haqda assotsiatsiya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
5-dekabr kuni “Eurouz” xalqaro notijorat assotsiatsiyasining rasmiy filiali ochilishi orqali O‘zbekistonda rasman ro‘yxatga olindi.
Filial barcha Yevropa mamlakatlarini qamrab olgan, rasman qo‘llab-quvvatlanadigan birinchi Yevropa Ittifoqi Savdo-sanoat palatasiga aylandi.
Bungacha “Eurouz"ning mamlakatdagi faoliyati tijorat vakolatxonasi faoliyati bilan chegaralangandi. Ofisning ochilishi assotsiatsiyaga O‘zbekiston kompaniyalarining Yevropa bozorlarida ishtirokini oshirishda qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Avvalroq Toshkentda o‘tkazilgan “O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi” hamkorlik qo‘mitasining 19-yig‘ilishida joriy yilning 10 oyi davomida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 36%ga oshib, $4,8 mlrdga yetgani qayd etildi. Shu bilan birga, 2022-yilda O‘zbekiston eksporti Yevropa Ittifoqiga 1,5 barobarga oshib, $794,6 mlnni tashkil etdi.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, jumladan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish orqali yordam beradi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Obidov davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy quvvati 11,5 GVt bo‘lgan yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 28ta shartnoma tuzilganini ta’kidladi. Shuningdek, loyihalash va muzokaralar bosqichida umumiy quvvati 12,8 GVt bo‘lgan 16ta loyiha mavjud.
Avvalroq Yevropa investitsiya banki Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochishi haqida xabar berilgandi.