Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlarida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ish vaqtiga cheklov kiritildi.
Xususan, 7-dekabrdan Surxondaryodagi metan “zapravka"lar soat 08:00dan 17:00gacha faoliyat yuritadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Cheklovlar birinchi navbatda aholi, shifoxona, maktab hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti kabi muassasalarning tabiiy gaz ta’minotida barqarorligini ta’minlash uchun kiritilgan.
Shuningdek, tabiiy gazdan debitor qarzdorligi mavjudligi sababli viloyatdagi 28ta metan “zapravka"lar tarmoqdan vaqtincha uzilgan.
8-dekabrdan Qashqadaryodagi AGTKShlarga tabiiy gazni yetkazib berish har kunlik soat 06:00dan 15:00gacha belgilandi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Qayd etilishcha, havo haroratining keskin sovib ketishi tufayli tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
Viloyatdagi barcha haydovchilardan avtomobillarga gaz to‘ldirishda yuqorida belgilangan vaqtda texnika xavfsizligi qoidalari asosida amalga oshirishlari so‘ralgan.
AGTKShlar faoliyatida jadvaldan tashqari o‘zgarishlar kuzatilsa qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.
4-dekabrdan Andijondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar o‘rnatildi. Ularga tabiiy gazni yetkazib berish vaqti soat 06:00dan 15:00gacha qilib belgilandi.
Undan keyin, Qoraqalpog‘istonda gaz “zapravka"lar faoliyati cheklanib, hududdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berish belgilangan reja asosida soat 06:00dan 15:00gacha amalga oshiriladi.