Oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalar uchun shartnoma to‘lovlarini onlayn amalga oshirish imkoniyati mavjud.

Undan Yagona portal, “PayMe” to‘lov tizimi hamda “Zoomrad” mobil ilovasi orqali komissiyasiz amalga oshirish mumkin. Quyida ulardan qanday foydalanish bo‘yicha qo‘llanma bilan tanishish mumkin.

Yagona portal

Oktabr oyida shartnoma to‘lovlarini Yagona portal orqali onlayn to‘lash imkoniyati yaratildi. Buning uchun portalga kirib, “To‘lovlar” bo‘limidan “OTM shartnoma to‘lovi"ni tanlash kerak.

Undan keyin ekranda JSHSHIR raqami hamda to‘lov summasini kiritish so‘raladi, ularni kiritib to‘lovni amalga oshirish mumkin.

Bunda shartnoma bo‘yicha qarzdorlikni ham ko‘rish mumkin. Yagona portal orqali shartnoma pulini to‘lashda komissiya (0%) undirilmaydi.

PayMe

Talabalar uchun shartnoma to‘lovlarini “PayMe” to‘lov tizimi orqali onlayn to‘lash imkoniyati yaratildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Buning uchun “PayMe” to‘lov tizimida “To‘lovlar” sahifasiga kirib, “Ta'lim” bo‘limidan “Oplata za VUZi"ni tanlash kerak.

JSHSHIR raqami hamda to‘lov summasini kiritish va to‘lovni amalga oshirish mumkin.

Bunda “Tafsilotlar” tugmasini bosish orqali shartnoma bo‘yicha oxirgi to‘lov summasini va qarzdorlikni ham ko‘rish imkoniyati mavjud.

PayMe mobil ilovasida to‘lov amalga oshirilganda komissiya (0%) olinmaydi.

Zoomrad

Shuningdek, shartnoma to‘lovini “Zoomrad” mobil ilovasi orqali ham onlayn amalga oshirish mumkin.

Buning uchun ilovaning “To‘lovlar” sahifasidan “Davlat xizmatlari” bo‘limini tanlab, undan “OTM shartnoma to‘lovi"ni bosish kerak bo‘ladi.

Shartnoma to‘lovi bilan birga, yotoqxona uchun ham to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

“Kontrakt to‘lovi"ni tanlab, JShShIR va to‘lov summasini kiritish orqali to‘lov qilish mumkin. Shartnoma to‘lovini amalga oshirish uchun komissiya (0%) undirilmaydi.

Avvalroq Yagona portal orqali talabaga hisoblangan stipendiyalar haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratilgandi. Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun Yagona portalda shaxsiy sahifaga ega bo‘lish kerak.

“Spot” Yagona portalda qanday qilib hisob ochish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.