AQShning “Stirling Foundation” nodavlat xayriya jamg‘armasi o‘zbekistonliklarga ta’lim grantlarini ajratishi mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, vazirning birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov AQSh jamg‘armasi prezidenti Maylz Xansen bilan uchrashdi. Unda 2024-yilda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh tomoni oliy ta’lim sohasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, OTMlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, AQShda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olish imkoniyatlari yuzasidan takliflar bildirdi.
Xususan, Amerikaning Yuta va Aydaxo shtatlarida joylashgan har ikki Brigham Young Universityda biznes boshqaruvi, menejment, muhandislik, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda tahsil olish uchun grant ajratish masalalari ilgari surildi.
Bundan tashqari, jamg‘arma tomonidan O‘zbekstonda masofaviy ta’limni joriy etish yuzasidan takliflar bildirilib, ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan aholi qatlamiga sharoit yaratish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Xususan, onalik ta’tilidagi ayollar, yashash joyi yoki uzoqda ta’lim olish imkoniyati bo‘lmaganlarni jalb qilish belgilanmoqda.
O‘zbekiston tomoni AQSh universitetlaridan ingliz tili mutaxassislarini O‘zbekiston OTMlarida ingliz tilini o‘qitish, ma’ruzalar o‘qish, seminar va mahorat darslarini tashkil etish maqsadida jalb qilish kabi takliflarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Shuningdek, ajratiladigan ta’lim grantlari doirasida AQShda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olish imkoniyatini yaeratish ham qayd etildi.
Avvalroq “Stirling Foundation” jamg‘armasi O‘zbekistonda amalga oshiriladigan IT sohasiga oid loyihalarni moliyalashtirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.