Soliq qo‘mitasi “Yandex Go” sayohatlar uchun fiskal chek berishni boshlagandan keyingi dastlabki natijalarni e’lon qildi.
Joriy yilning 1-dekabridan taksi xizmati O‘zbekistonda o‘z faoliyatini mahalliylashtirib, soliq rezidentiga aylandi. Servis Soliq axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi natijasida har bir tashish xizmati uchun fiskal chek shakllantirish imkoniyati yaratildi.
Qayd etilishicha, 1−6-dekabr kunlari jami 800 483ta chek shakllantirilgan. Ular bo‘yicha to‘lovlarning umumiy miqdori 13,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Daromadning katta qismi “Yandex Go” hamkorlari va taksi kompaniyalaridan tushgan — ular tomonidan 13,4 mlrd so‘mlik 791,1 mingta chek berilgan. O‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari nomidan 163,9 mln so‘mlik 1821ta chek rasmiylashtirildi.
O‘zini o‘zi band qilgan haydovchi tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha tashishning barcha summasi taksopark aylanmasida aks etish holatlari Soliq qo‘mitasi tomonidan kuzatilmoqda.
Taksoparklar va yakka tartibdagi haydovchilarga soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida komissioner va komitentni to‘g‘ri belgilash bo‘yicha tushuntirish berilmoqda.
Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga qulaylik yaratish uchun mazkur funksiyani “Soliq” mobil ilovasiga qo‘shish ishlari olib borilmoqda.
Qo‘mita yaqin kunlarda taksi xizmati (“Yandex Go” va boshqalar) uchun naqd pul orqali to‘lov qilinganda ham chek berilishi ta’minlanishini qayd etdi. Bu borada bir nechta yechimlar ishlab chiqilib, bozor ishtirokchilariga taklif qilingan.
Qolgan agregatorlarda fiskal chek shakllantirilayotganini ham ta’kidlagan qo‘mita. Shu bilan birga, “MyTaxi” va “Uklon” kabi agregatorlar bilan texnik integratsiyalash ishlari yakunlangan va yaqin kunlarda yo‘lovchilar xizmatlardan foydalanganda fiskal cheklarni olishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, mamlakatning barcha hududlarida agregatorlar va taksi xizmatlari fiskallashtiriladi.
Turli baholashlarga ko‘ra, taksida 500 mingdan 1 mlngacha fuqaro to‘liq yoki qisman ishlaydi. Taksilarning logistika va harakatlanishdagi ahamiyatini hisobga olib, sohadagi munosabatlarni avtomatlashtirish va fiskallashtirish jarayonini bosqichma-bosqich va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish zarur, deyiladi xabarda.
Avvalroq O‘zbekistonda bloklangan “TikTok” soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgani ma’lum qilingandi.