Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi O‘zbekistonning “Foton” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda prezident devoni saytida xabar berildi.
Vladimir Zelenskiy tegishli farmonni 7-dekabr kuni imzolagan. Ukraina Xavfsizlik xizmati tavsiyasiga ko‘ra, 181 nafar jismoniy va 185 nafar yuridik shaxsga cheklov qo‘yilgan.
Xususan, sanksiyalarga tushganlar orasida “Foton” elektronika zavodi va uning direktori, 1956-yilda tug‘ilgan Marifxo‘ja Saidumarov ham bor.
Cheklovlar sanksiyalangan shaxslarga tegishli aktivlarni muzlatish, savdo va tranzit operatsiyalari va qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni bloklash kabilarni nazarda tutadi. Sanksiyalar muddati 10 yilni tashkil qiladi.
Iyul oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Foton” elektronika ishlab chiqaruvchisining davlat ulushini xususiylashtirish uchun arizalarni qabul qilishni boshlagandi. Kompaniyaning 85,6% aksiyalari paketi sotuvga chiqarildi.
Sentabr oyi oxirida Davaktiv agentligi “Foton” davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish muddatini 9-oktabrgacha uzaytirdi. “Abrau Capital” kompaniyasi konsultant sifatida ishga jalb qilindi.
Kompaniya haqida
“Foton” zavodi 1941-yilda Moskva viloyatidan evakuatsiya qilingan elektrovakuum qurilmalari zavodi negizida tashkil etilgan.
1995-yilda korxona AJga aylantirilib, hozirda “O‘zeltexsanoat” xoldingi tarkibiga kiradi. “Foton"ning ustav kapitali 1,08 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Kompaniya radioelektron jihozlar uchun elektron texnika va integral mikrosxemalar hamda elektronika asosidagi turli mahsulot turlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.
Avvalroq Buyuk Britaniya O‘zbekistonning “Mvizion” kompaniyasiga sanksiya kiritgandi. Kompaniya Rossiyaga ehtiyot qismlarini yetkazib berishda vositachilik qilgani qayd etilgan.