Energetika vazirligi hamda “Hududgazta'minot” kompaniyasi O‘zbekistonning barcha hududidagi AGTKShlar faoliyatiga cheklov kiritilganini ma’lum qildi.
Mamlakatda havo haroratining sovib borishi tufayli aholi orasida tabiiy gazga talab oshdi. Bu esa aholi iste’molining ko‘payishiga hamda gaz bosimining sezilarli pasayishiga olib keldi.
Xususan, 7 — 16-dekabr kunlari oralig‘ida kutilayotgan (8-dekabrda 0 daraja, 12-dekabrda -16 daraja) sovuq ob-havo sharoitida ham gaz bosimining pasayishi kutilmoqda.
Shundan kelib chiqib, aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida metan “zapravka"larning ishlash vaqtini cheklash choralari ko‘rilmoqda, deyiladi vazirlik xabarida.
Unga ko‘ra, rejaga muvofiq, AGTKShlar soat 06:00dan 15:00gacha ishlaydi. Vaqtinchalik cheklov aholi iste’molchilari hamda ijtimoiy obyektlarni tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash maqsadida mamlakatning barcha hududida kiritildi.
“Iste'molchilardan yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan holda, vaziyat barqarorlashgunga qadar tejamkorlikka rioya qilishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, AGTKShlar faoliyatida o‘zgarishlar kuzatilsa, qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi qayd etilgan.
4-dekabrdan Andijondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar o‘rnatildi. Ularga tabiiy gazni yetkazib berish vaqti soat 06:00dan 15:00gacha qilib belgilandi.
Undan keyin, Qoraqalpog‘istonda gaz “zapravka"lar faoliyati cheklanib, hududdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berish belgilangan reja asosida soat 06:00dan 15:00gacha amalga oshiriladi.
Shuningdek, 7-dekabrdan Surxondaryodagi zapravkalar soat 08:00dan 17:00gacha, Qashqadaryoda esa 8-dekabrdan soat 06:00dan 15:00gacha faoliyat yurita boshladi.