Hukumat qarori bilan texnikumlarda kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, texnikumlarda kredit-modul tizimida o‘quv jarayoni kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa modeliga (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS) muvofiq tashkil qilinadi.
Kredit-modul tizimi joriy etiladigan ta’lim dasturlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
O‘quv yili davomiyligi ta’lim dasturi asosida belgilanadi. Akademik davr davomida o‘quvchi tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan kreditlar miqdori o‘quv rejasida ko‘rsatilgan majburiy va tanlov fanlarni o‘z ichiga oladi.
O‘quvchi bir o‘quv yilida kamida 60 kredit to‘plashi zarur. Texnikumlarda o‘quv yuklamasining hajmi o‘quv rejasi asosida belgilanadi.
Kredit-modul tizimida 1 kredit o‘rtacha 25−30 akademik soat hisobidagi o‘quv yuklamasiga teng qilib olinadi.
Bunda o‘quvchi muayyan fandan tegishli kreditlarni to‘plashi uchun belgilab olingan miqdordagi o‘quv yuklamasini o‘zlashtirishi zarur.
O‘quv yuklamasi auditoriya soati va mustaqil ta’lim soatiga bo‘linadi. Ta’lim dasturi o‘quv yili uchun o‘quvchi tomonidan, qoida tariqasida, bir semestrda 30 kredit, bir o‘quv yilida 60 kredit to‘plashi inobatga olinib ishlab chiqiladi.
Akademik qarzdor o‘quvchilarning tashabbusi bilan mavjud akademik qarzlarni topshirish texnikumda ta’til vaqtida pulli asosda tashkil etiladi.
Avvalroq hukumat qarori bilan kollej va texnikumlarning 5ta sohasi bo‘yicha xotin-qizlarga grant berilishi belgilangandi. Grantlar qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida ajratilishi belgilangan.