Iste’molchilarga tabiiy gaz to‘liq hajmda yetkazib berilmoqda, deya xabar berdi “Hududgazta'minot” matbuot xizmati.
Havo haroratining keskin pasayishi sabab mamlakat bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gaz iste’molining ortishi kuzatilmoqda.
Iste’molchilar o‘rtasida yoqilg‘ini teng taqsimlash maqsadida “Hududgazta'minot” mutaxassislari 24 soatlik rejimda ish olib bormoqda, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etilmoqda.
Hozirgi vaqtda iste’molchilarga tabiiy gaz to‘liq hajmda yetkazib berilayotgani hamda yetishmovchiliklar kuzatilmayotgani qayd etilgan.
Olis hududlarga suyultirilgan gaz to‘liq hajmda va mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan grafik asosida yetkazilmoqda. Avariya holatlari kuzatilganida mutaxassislar joyiga yuborilib, muammolar bartaraf etishmoqda.
Joriy yilning 9-dekabr kuni gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan aholi va ulgurji iste’molchilarga 105 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Suyultirilgan gaz iste’molchilariga esa 2 224 tonna yoqilg‘i yetkazilgan.
Muammolar kuzatilgan joylarda gaz ta’minotini yaxshilash borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkentda kuzatilgan avariya holati bartaraf etilib, ayrim ko‘chalardagi gaz quvurlarida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etilib, shikast yetkazgan gaz quvurlari ta’mirlanmoqda. Bu kabi ishlar Toshkent, Qashqadaryo hamda Buxoro viloyatlarida ham olib borildi.
Shuningdek, taklif, shikoyat va murojaatlarni “Hududgazta'minot"ning 1104 telefon raqami orqali, gaz sizib chiqishi, favqulodda vaziyatlar va boshqa texnik muammolar bo‘yicha arizalarni esa 104 raqami orqali bildirish mumkin.
Kompaniya noqulay ob-havo sharoitida alohida mahalla va xonadonlarda gaz yetishmovchiligini oldini olish maqsadida fuqarolardan gaz jihozlaridan faqat birlamchi zaruriyatlar uchun foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda imkon qadar isitish jihozlarini o‘chirishni so‘ramoqda.
Energetika tizimi 1-dekabrdan 24 soatlik ish rejimiga o‘tdi. Aholi va korxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 5 mlrd kub metr kafolatli gaz manbalari hal qilindi. Yerosti omborlarida yetarlicha gaz zaxirasi jamlandi.
Noyabr oyi boshida davlat rahbari energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar bergandi. Xususan, ikki hafta muddatda qozonxonalar va isitish tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini yakunlash topshirildi.
Undan keyin tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi. Kuz-qish mavsumida aholi va tadbirkorlarga tabiiy gazni sifatli va uzluksiz yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi.
Avvalroq O‘zbekistonning barcha hududidagi metan “zapravka"lar faoliyatiga cheklov kiritildi. AGTKShlar soat 06:00dan 15:00gacha ishlaydi.