Joriy yilning 16-dekabridan Toshkent metropolitenining “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishidagi “Tuzel” bekatida ish rejimi qisqartiriladi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Bu “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishining ikkinchi bosqichidagi “Quruvchilar” dahasidan “Sergeli” mavzesigacha bo‘lgan Turon (13-bekat) va Qipchoq (14-bekat) metro bekatlarini ishga tushirish maqsadida amalga oshirilayotgan ish jarayoni bilan izohlangan.
Xususan, rejadagi ishlarni amalga oshirish maqsadida “Tuzel” (3-bekat) bekatida ish jarayoni soat 06:00dan 22:00ga qadar tashkil etiladi.
25-noyabrdan “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishining Texnopark (Do‘stlik-2) va Yashnobod (2-bekat) bekatlarining ish rejimi soat 06:00dan 22:00gacha tashkil etilgandi.
Shuningdek, Olmos (4-bekat) bekatidan Quruvchilar (12-bekat) bekatigacha bo‘lgan bekatlar oralig‘ida ish rejimi o‘zgarmagan holda 05:00dan 23:00gacha tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, 05:00dan 06:00gacha va 22:00dan 23:00gacha Olmos-Quruvchilar bekatlari oralig‘ida bir tomonlama (chelnok) poyezdlar harakati tashkil etiladi.
Joriy yilning avgust oyida Toshkent metrosining “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari 4 oyga yopildi. 26-avgustdan 4 oy mobaynida “Turkiston-Yunusobod-Shahriston” metro bekatlari oralig‘ida harakatlanuvchi bepul transport harakati yo‘lga qo‘yildi.