“Toshkent-Samarqand” pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ishlab chiqildi, deya xabar bermoqda Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi.
Loyiha DXSh shartlari asosida ishlab chiqilib, texnik-iqtisodiy hujjatini ishlab chiqishga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan $350 ming miqdorida grant mablag‘lari ajratildi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan dastlabki texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga bank tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.
Tender g‘olibi — Turkiyaning “Proyapı Mühendislik ve Müşavirlik” (Proyapi) kompaniyasi bilan esa 1 mln yevroga teng shartnoma imzolandi. Konsultant tomonidan dastlabki hisobot va investitsiya oldi o‘rganish loyihasi taqdim etilib, ishchi guruh tomonidan qabul qilingan.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi sohaviy ilmiy texnik kengashining 11-son bayonnomasi bilan konsultant kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan loyihaning trassirovka marshruti tasdqilandi.
Loyihaning umumiy uzunligi 305 kmni tashkil etadi. Xalqaro standartlarga javob beruvchi mazkur uzunlikdagi avtomobil yo‘li I-a texnik toifali, 6 tasmali “Avtomagistral” talablari asosida quriladi.
Shuningdek, hamma tutashma va inshootlar ustidan yangi ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar qurish, intelektual transport (ITS) tizimini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
“Toshkent-Samarqand” pullik avtomobil yo‘li qurilishi natijasida harakat jadalligi taqsimlanishi kutilmoqda. Yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati xalqaro standartlar bo‘yicha 13 tonna hisobida amalga oshiriladi. Avtomobil yo‘lining xizmat qilish muddati 25 yil etib belgilangan.
Loyiha natijasida tumanlarning ekologik holati yaxshilanishi, yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlanishi hamda tranzit yuklarning o‘tish tezligi oshishi ta’minlanadi. Bundan tashqari, yo‘l qatnashchilari uchun transport qulayliklari yaratiladi.
Taqdimotda keng qamrovli masalalar ko‘rib chiqildi. Mazkur pullik yo‘l qurilishi 2026-yilgacha amalga oshirilishi belgilangan 5ta loyihadan bittasi hisoblanadi.
2019-yilning fevralida pullik yo‘llar to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Mart oyida esa qonun loyihasi muhokamaga qo‘yiladi.
O‘sha yili, aprel oyida prezident Turkiya konsorsiumi ishtirokida Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan pullik avtomobil yo‘lini qurishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
YeTTB iyun oyida ish boshlashni tezlashtirishni taklif qilgan, biroq sayohat narxi yuqoriligi sababli u kechiktirilgan.
2021-yilning bahorida DXShni rivojlantirish agentligi Toshkentdan Samarqand va Andijonga yo‘lovchi avtomobillari uchun pullik avtomobil yo‘llaridan o‘tish $5−6 ga tushishini ma’lum qilgandi. Maksimal tezlik soatiga 120−150 km bo‘lishi ta’kidlangan.