“Hyundai Engineering” kompaniyasi O‘zbekistonda kichik yadroviy reaktorlar qurish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar beradi “Yonhap” agentligi.
Kompaniya Koreya atom energiyasi tadqiqot instituti (KAERI) bilan kichik reaktorlarda qo‘llaniladigan texnologiyalarni eksport qilish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Kompaniya an’anaviy atom elektr stansiyalari bilan solishtirganda xarajatlarga nisbatan yuqori samaradorlikni qayd etdi.
Memorandumga ko‘ra, KAERI bo‘lajak reaktorlar loyihalarini ishlab chiqish va ularni litsenziyalash uchun javobgar bo‘ladi. “Hyundai” biznesni rejalashtirish, moliyalashtirish, muhandislik va qurilish ishlari bilan shug‘ullanadi.
Gap KAERI 1997-yildan buyon ishlab chiqayotgan integratsiyalashgan tizimlar (SMART) asosidagi modulli reaktorlar haqida ketmoqda. Sovutish tizimlari yuqori bosimli suvdan foydalanadi.
Ushbu model an’anaviy reaktorlarning o‘ndan bir qismiga teng bo‘lgan holda 110 MVtgacha energiya ishlab chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, ixchamligi tufayli SMART reaktorlarini olis va tog‘li hududlarda qurish mumkin.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda “Hyundai Engineering” kompaniyasi Kanadaning Alberta provinsiyasida kichik reaktor qurish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Hozirda loyihaning texnik-iqtisodiy asosi tayyorlanmoqda.
“Kanadadagi loyihamizdan so‘ng, biz elektr energiyasi ishlab chiqarishni kichik modulli reaktorlarga o‘tkazishni belgilab, O‘zbekiston, AQSh va Hindistonda faoliyatimizni kengaytirishni ko‘rib chiqmoqdamiz”, — dedi “Yonhap” agentligiga kompaniya vakili.
2022-yilning yanvarida Rosatom va Qirg‘iziston Energetika vazirligi kichik atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha memorandum imzolagandi. Rossiya, shuningdek, mamlakatga yadroviy infratuzilmani rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlashda yordam berishni rejalashtirgan.
Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.