Rossiya Davlat Dumasining davlat qurilishi va qonunchilik qo‘mitasi mamlakatdan chiqarib yuborish ko‘rinishidagi jazoni ijro etishning o‘ziga xos jihatlari bo‘yicha qonunga o‘zgartirishlarni ma’qulladi, deya xabar bermoqda “Interfax” nashri.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, sudya qonunlarga amal qiladigan, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab borgan, muayyan yashash joyi bo‘lgan chet el fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborishni jarimaga almashtirishi mumkin bo‘ladi.
Bunda jiddiy qonunbuzarlik qilmagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni oilaviy ahvoli, Rossiyada yashagan davri, faoliyat turiga, shuningdek, chiqarib yuborilganda uni qabul qilishi mumkin bo‘lgan davlatlar yo‘qligiga qaraladi.
Qoidabuzar chet elliklar 40 mingdan 50 ming rublgacha jarimaga tortilishi yoki 150 soatdan 200 soatgacha majburiy ishlarga jalb qilinishi mumkin.
Faqat qator holatlar, jumladan, pedofiliyani propaganda qilganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ilgari deportatsiyadan bo‘yin tovlagan xorijliklarga yangi qoidalar taalluqli bo‘lmaydi.
Avvalroq “Spot” Rossiyada migrantlar uchun patent tizimi bekor qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.
Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi Davlat Dumasiga kiritilgan. Unga ko‘ra, migrantlarga patent o‘rniga ishlash uchun ruxsatnoma berishni joriy qilish taklif etilmoqda.
Bunda migrantlardan Rossiya fuqarolari uchun belgilangan shaxsiy daromad solig‘i undirish ko‘zda tutilgan