Elektrdan ortiqcha foydalangan aholi uchun energiyani avtomatik o‘chirib qo‘yish tizimi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi.
Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda soatiga 4,5 kilovatt soatdan ortiqcha elektr energiyasi ishlatgan xonadon elektr ta’minotidan uzilishi haqidagi xabarlarga izoh berib, tushunmovchiliklar bo‘layotganini bildirdi.
Joriy yilning noyabridan elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar joriy etilishi, xususan, hisoblagich orqali 10−15 kW quvvat doirasida cheklovlar belgilangan hududlarda hamda zarur vaziyatlarda qo‘llanilishi ma’lum qilingandi.
Bu amaliyot iste’mol yuqori bo‘lgan joylarda qo‘llaniladi hamda iste’molchi ortiqcha uskunalarni o‘chirib, kuchlanishni belgilangan me’yordan kamaytirsa, hisoblagich uzog‘i bilan 15 daqiqa ichida avtomatik ravishda yonadi.
Havo haroratining sovuq kunlarida iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu norma vaqtincha bekor qilindi. Bunda xonadon egasi elektr energiyasidan belgilangan me’yordan ortiqcha foydalansa hisoblagich avtomatik tarzda o‘chirib qo‘yilmaydi.
Shuningdek, Hasan Toshxo‘jayev soatiga 15 kVt elektr energiyasi ishlatish uchun qancha elektr uskunalari yonib turishi kerakligini taxminiy hisoblab chiqdi.
Masalan, mazkur miqdordagi elektrni sarflashga bir vaqtning o‘zida bir soat davomida 6ta muzlatkich, o‘rtacha 1,5 kVt quvvatli 3ta konditsioner va 3ta elektr pechi yoniq turishi kerak.
3ta televizor hamda 20ta lampochkaning iste’mol hajmi uzog‘i bilan 1,5−2 kVt soatni tashkil etishi mumkin. 98% aholining xavotir olishiga mutlaqo o‘rin yo‘q, deydi Toshxo‘jayev.
Agar xonadonda elektr toki ortiqcha yuklama bilan o‘chgan bo‘lsa, yuklamani kamaytirgandan keyin elektr ta’minoti 10−15 daqiqa ichida avtomatik ravishda tiklanadi.
Joriy yilning noyabridan yirik maishiy elektr energiyasi iste’molchilari uchun to‘lovlar oshirilishi ma’lum qilingandi. O‘zgarishlar faqat oyiga 1000 kVt/soatdan ortiq energiya ishlatadigan abonentlarga ta’sir qiladi. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bular 7,58 mln abonentning 2%dan kamrog‘ini tashkil qiladi.