O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni shaharlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar soni haftasiga 70taga yetkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ar-Riyodda o‘tkazilgan “ICAN-2023” tadbiri doirasida Transport vazirligi delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Qirolligi aviatsiya ma’muriyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar natijasiga ko‘ra, tomonlar Toshkent shahridan Saudiya Arabistoni shaharlari o‘rtasida haftasiga har bir tomondan 14tadan aviaqatnovlarni amalga oshirishga kelishdi.
Bundan tashqari, xalqaro aeroportlar mavjud O‘zbekistonning istalgan shahridan Saudiya Arabistonining xalqaro aeroportga ega bo‘lgan istalgan shahriga parvoz qilish imkoniyati yaratiladi. Bunda har bir tomondan haftasiga 21tadan muntazam parvozlar amalga oshiriladi.
Umuman, mazkur aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish natijasida har bir tomondan jami 35tadan havo qatnovi amalga oshirila boshlanadi. Bu “Haj” va “Umra” tadbirlariga boruvchi o‘zbekistonlik ziyoratchilar, shuningdek, “Umra plyus” dasturi orqali O‘zbekistonga ziyorat turizmi uchun tashrif buyuruvchi sayyohlarga imkoniyat yaratishi ta’kidlangan.
Shuningdek, muntazam aviaqatnovlarning qariyb ikki yarim barobarga oshirilishi charter va tranzit parvozlar orqali “Umra” safariga boruvchilar guruhini shakllantirayotgan turoperator hamda agentlar tomonidan yuzaga kelayotgan ayrim tartibsizliklarga barham berishi kutilmoqda.
Joriy yilning avgust oyida Saudiya Arabistoni o‘zbekistonliklarga elektron viza berishni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu viza bilan yil davomida Umra hamda mamlakat bo‘ylab sayohat qilish mumkin bo‘lib, amal qilish muddati 90 kunni tashkil qiladi.
Avvalroq “ICAN-2023” tadbiri doirasida O‘zbekiston va Bangladesh havo qatnovi bo‘yicha yangi shartnomani imzolagandi. Unda keyin “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi 2025-yildan Kanadaga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgani ma’lum qilindi.