Rossiyaning “FESCO” transport guruhi O‘zbekistonga logistika yo‘nalishlarini rivojlantirishda yordam beradi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi ma’lum qildi.
Bu bo‘yicha kompaniya “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “O‘ztemiryo‘lkonteyner” rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.
Tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida konteyner tashishni rivojlantirish, shuningdek, Toshkent va Moskva o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri konteyner tashishni tashkil etishni ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, “FESCO” intermodal xizmatlaridan foydalangan holda Qirg‘iziston orqali Xitoyga va Turkmaniston orqali Turkiya, Afrika va O‘rta yer dengizi mamlakatlariga yangi tranzit yo‘llari bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishildi.
Kompaniyaning O‘zbekiston transport infratuzilmasini rivojlantirishda va logistika tarmog‘ini raqamlashtirish sohasidagi potensial loyihalarda ishtirok etishi belgilandi.
Avvalroq “FESCO"ning Moskvadan Toshkentga va ortga konteyner poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi. Boshqaruvi raisi Andrey Severilov kompaniya Uzoq Sharqdan O‘zbekistonga konteyner tashishning 35%ini amalga oshirishini qayd etdi.
Yil boshidan buyon mahalliy “FESCO Tashkent Shuttle” xizmati Vladivostokdan Toshkentga 7,5 mingdan ortiq 40 futlik dengiz konteynerlarini yetkazib berdi.
Kompaniya haqida
2022-yil sentabridan boshlab “FESCO” Yaponiyadan Xitoy va Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yuk tashish bo‘yicha yangi xizmatni ishga tushirdi. Umuman olganda, guruh 9 oy ichida O‘zbekistonga 8,5 ming TEU tashidi, mazkur ko‘rsatkich 2021-yildagi bilan deyarli bir xil bo‘lgan.
O‘tgan yilning oktabr oyida “FESCO” O‘zbekistonda sho‘ba korxonasini ochdi. “Fesco Turan” Yevropadan O‘zbekistonga hamda Janubiy Osiyo mamlakatlari va O‘zbekiston o‘rtasida Novorossiysk porti orqali temir yo‘l konteyner tashuvlarini rivojlantirmoqda.
“FESCO Transport Group” — port, temir yo‘l va integratsiyalashgan logistika biznesi sohasidagi aktivlarga ega bo‘lgan Rossiyadagi eng yirik xususiy transport va logistika kompaniyalaridan biri.