Toshkentdagi yirik supermarketlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘rganildi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar bermoqda.

Institut mutaxassislari dekabr oyida poytaxtdagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi.

Natijada, 8 xil mahsulot bo‘yicha o‘tgan oydagiga nisbatan minimal narxlar pasayganligini aniqlandi. Xususan, oq karam 22%ga, guruch 15,6%ga, qizil sabzi 10%ga, kungaboqar yog‘i 7,4%ga, sariq piyoz 6,8%ga, margarin 6,6%ga, limon 5,6%ga hamda lavlagi 5,1%ga pasaygan.

Bundan tashqari, 4 nomdagi mahsulot narxlari oshgan. Ayniqsa, pomidor va bodring narxining oshishi yaqqol seziladi, deyiladi xabarda.

mahsulotlar, narxlar, oziq-ovqat, supermarket, toshkent shahri

Xuddi shunday tendensiya — mazkur mahsulotlardagi o‘suvchan narxlar o‘tgan yilda ham kuzatilgandi. Bu esa ularni bozorga yetkazib berishda mavsumiy omillarning ta’siri borligidan dalolat beradi.

Tahlillarga ko‘ra, 9 nomdagi mahsulotning eng past narxlari o‘zgarishsiz qolgan. Ularning orasida grechka, sut, bug‘doy uni kabilar bor.

MHTI mutaxassislari tahlilni 9-noyabr va 6-dekabr kunlari o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida amalga oshirdi.

Institut tomonidan 12-oktabr va 9-noyabr kunlari o‘tkazilgan monitoring natijalarida ham 7 xil mahsulot bo‘yicha minimal narxlar pasayganligi aniqlangandi.

Avgust oyida Picodi.com tahlilchilari O‘zbekiston va dunyoning boshqa mamlakatlari aholisi oziq-ovqatga qancha pul sarflashini tahlil qilgandi.