“Tesla” avtopilotdan foydalanishdagi xavfsizlik muammolari tufayli AQShda 2 mln avtomobilni qaytarib oladi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.

AQSh Milliy Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan avtopilot yordamida sodir bo‘lgan bir nechta baxtsiz hodisalar yuzasidan tekshiruvdan so‘ng kompaniya avtomobillarni chaqirib olish to‘g‘risida ariza bergan.

Regulyator “Tesla” avtonom haydash xususiyati haydovchining avtomobilni boshqarishdagi ishtirokini samarali nazorat qilmasligini aniqladi. Avtopilotdan foydalanish qoidalariga ko‘ra, ular qo‘llarini rulda ushlab turishlari va istalgan vaqtda boshqaruvni qo‘lga olishga tayyor turishlari kerak.

Kompaniya dasturiy ta’minotni masofadan yangilashni va haydovchilarni avtonom boshqaruvdan xavfsiz foydalanish haqida ogohlantirish uchun qo‘shimcha elementlarni qo‘shishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Qaytarib olish 2015-yilda avtopilot ishga tushirilgandan beri AQShda sotilgan deyarli barcha Tesla avtomobillariga ta’sir qiladi, deb ta’kidlaydi “BBC”.

Xususan, qaror 2012−2023-yillarda ishlab chiqarilgan Model S, 2016−2023-yillarda ishlab chiqarilgan Model X, 2017−2023-yillarda ishlab chiqarilgan Model 3 va 2020−2023-yillarda ishlab chiqarilgan modellarga taalluqlidir.

2023-yil fevral oyida “Tesla” AQShda to‘liq avtopilotning beta-versiyasiga ega 360 mingta avtomobilni chaqirib oldi.

Avvalroq “Tesla” Cybertruckni Yevropada sotmasligini ma’lum qilgani haqida xabar berilgandi.

Bunga pikap ishlab chiqarishdagi standartlar va uni boshqarish uchun litsenziya talablari Yevropaga mos kelmasligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.


Avvalroq “Spot” “Honda” AQShdan 300 mingta avtomobilni qaytarib olishi haqida yozgandi.

Bunga yetkazib berilgan avtomobillardagi old xavfsizlik kamarini mahkamlash moslamalarida yetishmayotgan qism sabab bo‘lgan.