Hukumat qarori bilan “Ijtimoiy soliqni taqsimlash, pensiya va boshqa to‘lovlarni to‘lash uchun ajratilgan xarajatlarni qoplash tartibi to‘g‘risida"gi nizom qabul qilindi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy soliq soliq to‘lovchilar tomonidan hisobot oyi uchun hisoblangan ish haqi fondi va soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda hisoblab chiqariladi.
Ijtimoiy soliq yuridik shaxslar tomonidan qo‘shimcha to‘lov, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari va sanatoriy-profilaktoriylarning ta’minoti uchun biror-bir chegirmalarsiz hisoblab yozilgan summaning to‘liq hajmida o‘tkaziladi.
Yuridik shaxslar ijtimoiy soliq to‘lanishi bo‘yicha hisob-kitoblarni o‘zlari soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatga olingan soliq xizmati organlari bilan birgalikda yuritadi.
Yuridik shaxslarning buxgalteriya hisobida ish haqi shaklidagi daromadlardan ijtimoiy soliqning hisoblab yozilishi va o‘tkazilishi, qo‘shimcha to‘lov to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarning aks ettirilishi har oyda hisobot davridan keyingi oyning 15 kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo‘yicha esa — keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har kuni Pensiya jamg‘armasi mablag‘larining qoplanishi bo‘yicha kelib tushgan mablag‘larga oid ma’lumotlar elektron shaklda Soliq qo‘mitasiga taqdim etiladi.
Pensiya jamg‘armasining pensiyalarni to‘lashga ajratilgan xarajatlari yuridik shaxslar tomonidan o‘z vaqtida qoplanmagan taqdirda, qoplanishi lozim bo‘lgan summaning har bir kechiktirilgan kuni uchun qarzdorlik summasining 100%idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya hisoblanadi va undiriladi.
Jamg‘arma hududiy boshqarmalari tomonidan ijro etuvchi apparatidan kelib tushgan mablag‘lar asosida taqdim etilgan talabnomalarga ko‘ra 2 ish kunida tegishli yuridik shaxslarga moliyalashtiradi.
Avvalroq hukumat qarori bilan davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangandi.