“Spot” tadbirkorlar va top-menejerlar ish faoliyatlari davomida nimalardan foydalanishlari haqida so‘zlab berishadigan “Ryukzakda nima bor?” nomli loyihani davom ettiradi.
Bu safargi materialda “MFaktor” va “Dekos” loyihalari asoschisi Hasan Mamasaidov bilan suhbatlashdik.
U kunini va ishini nimalarsiz tasavvur qilolmasligi haqidagi savollarga javob berish uchun ish stolida foydalanadigan va ryukzagida olib yuradigan narsalari haqida ma’lumot berdi.
Intervyuning to‘liq qismi bu yerda:
Ish stolimda “desktop” kompyuterim, printer, qaydlarni yozish uchun yondaftar va ruchkalar bor.
Xonamda esa kelgan mehmonlar va suhbatdoshlar uchun o‘rindiqlar, loyihalar muhokamasi uchun esa katta ekranli televizor turadi.
Ryukzagimga kelsak, qachon qayerda bo‘lishimdan qat’i nazar olib yuradigan ish qurolim — bu “HP” noutbugim hisoblanadi. “Macbook” ishlatmayman, telefonim ham “Samsung”.
Noutbukim bo‘lsa ham ish stolimdagi “desktop” kompyuterimda hal qiladigan ishlarim ko‘proq, 10% noutbukimni ishlatsam, 90% shu desktop kompyuterimda foydalanaman. Har qaysi qurilmaning o‘zining foydalanadigan vaqti va joyi bor.
Telefonim uchun ham, noutbukim uchun ham bitta zaryadlovchi qurilmani ishlataman.
Kompyuterni va noutbukni ham “sichqoncha"siz ishlata olmayman, shuning uchun doim “sichqoncha” olib yuraman.
Narxi $300lik katta quloqchinlarim, “Samsung Buds” quloqchinlarim bo‘lsa ham, 116 ming so‘mga xarid qilgan quloqchinimni kechayu-kunduz olib yuraman va undan foydalanaman.
Chunki undan foydalanish men uchun qulay. Qanaqadir yig‘ilishlarda bo‘lsam, agar ovozli xabar kelib qolsa, joyida eshitib olaman. Avtomobilda ham,uyda ham shundan foydalanaman.
Kitob o‘qishdan ko‘ra, uni audio shaklida tinglash men uchun qulay, shuning uchun ham har doim yonimda quloqchin bo‘ladi.
Shuningdek, planshetim bor, unga audio yoki video kitoblarni yuklab olib eshitaman va tomosha qilaman. Zerikib qolmaslik uchun noutbukimda o‘yin o‘ynayman.
Hamyonlarim qachon va qayerda ishlatishimga qarab farqlangani uchun 3ta hamyonim bor. Bundan tashqari, yonimda uyimni va ofisni kalitlari yuradi.
Asosiy ishlatadigan va olib yuradigan narsalarim shulardan iborat.