Eron hukumati 32ta davlat fuqarolari uchun viza tartibini bekor qildi. Bu haqda mamlakat turizm vaziri Ezatulloh Zarg‘amiyga tayanib, “Teheran Times” nashri xabar berdi.
Vazirning qayd etishicha, vazirlikning ayrim mamlakatlar uchun vizalarni bir tomonlama bekor qilish taklifi hukumat tomonidan tasdiqlangan.
Viza tartibi bekor qilingan mamlakatlar qatorida Hindiston, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Quvayt, Indoneziya, Yaponiya, Singapur, Vetnam, Braziliya, Peru, Meksika, Boliviya, Venesuela, Bosniya va Gersegovina, Serbiya, Xorvatiya, Belarus, Tanzaniya, Zimbabve, Mavrikiy va Seyshel orollari kabilar bor.
Bundan tashqari, O‘zbekiston ham mazkur ro‘yxatga kiritildi. Shuningdek, Markaziy Osiyodan Qirg‘iziston va Tojikiston yangi tartibdan joy oldi.
“Bu qaror Eron haqidagi salbiy reklamalar, mish-mishlar va qo‘rquvni to‘xtatishga yordam beradi”, deya qayd etdi Zarg‘ami.
O‘tgan yilning sentabrida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida tadbirkorlar va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun viza olish tartibini soddalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Joriy yilning oktabrida Ezatulloh Zarg‘amiy O‘zbekistonga viza rejimini bekor qilish bo‘yicha kelishuv tuzishni taklif qildi.
Eron 60ta mamlakat fuqarolari uchun viza tartibini yengillashtirish, jumladan, viza tartibini bir tomonlama bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Avvalroq Qatar O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilgandi. Bunda fuqarolar qaytish chiptasi hamda xorijga chiqish pasporti 6 oydan kam bo‘lmagan muddatga amal qilishi sharti bilan 30 kungacha bo‘lishlari mumkin.