Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya va boshqa mamlakatlarning bir qator kompaniyalariga nisbatan eksport cheklovlari joriy etilganini ma’lum qildi.
Birinchi navbatda, Rossiyaning 57ta korxonasi, jumladan, harbiy sanoat va yuqori texnologiyali sanoat bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilgan.
Alohida ro‘yxatga BAAdan ikkita, O‘zbekistondan ham ikkitadan, shuningdek, Armaniston va Suriyadan bittadan kompaniya kiritilgan.
Tokio “Alfa Beta Creative” va “GFK Logistic Asia” kompaniyalariga nisbatan cheklovlar kiritdi. Natijada, mazkur kompaniyalar Yaponiyada sanksiyalarga uchragan birinchi ikki O‘zbekiston kompaniyasi bo‘ldi.
Bundan tashqari, 19 nafar Rossiya fuqarosi va 43 nafar yuridik shaxs aktivlari muzlatilgan holda “qora ro‘yxat"ga kiritilgan. Yaponiya, shuningdek, sanoat mahsulotlarini istisno qilgan holda Rossiyadan olmos yetkazib berishni taqiqlashini e’lon qildi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala kompaniya ham to‘rt yillik farq bilan Toshkentda tashkil etilgan va umumiy yuridik manzilga ega. Ikkala kompaniyaning asoschisi Oleg Grabilin bo‘lib, u 2022-yilda ro‘yxatdan o‘tgan “Alfa Beta Creative” rahbari lavozimini ham egallaydi.
“GFK Logistic Asia” kompaniyasi 2018-yilning mart oyida ro‘yxatdan o‘tgan va 200 mln so‘m ustav kapitaliga ega. Uning yetakchisi sifatida Yuliya Klyuchinskaya qayd etilgan.
Aprel oyida ikkala kompaniya ham sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiya mudofaa sanoati uchun tovarlarni sotib olgani uchun AQSh sanksiyalariga uchragandi. Ikki oy o‘tgach, Yevropa Ittifoqi ham ularga qarshi eksport cheklovlarini joriy etdi.
Avvalroq Buyuk Britaniya AQShdan keyin O‘zbekistonning “Mvizion” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qilingani haqida xabar berilgandi.