Hukumat qarori bilan davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, davlat mulkini ijaraga berish jarayoni har qanday jismoniy va yuridik shaxs tashabbusi asosida boshlanishi mumkin.

Tashabbus ko‘rsatuvchi bevosita Davaktiv agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga yoki uning hududiy boshqarmalariga (ijaraga beruvchiga) quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • davlat mulkining tavsifi va joylashgan joyini;
  • balansda saqlovchini ko‘rsatgan holda taklifini yozma yoki elektron

Ikkinchi turdagi hujjatlarni bunday ma’lumotlarga ega bo‘lgan taqdirda berish mumkin. Takliflar shu kunning o‘zida ko‘rib chiqish uchun ijaraga beruvchiga yuboriladi.

Shunga ko‘ra, ijaraga beruvchi 2 kun muddatda balansda saqlovchiga davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha munosabat bildirish yuzasidan so‘rov yuboradi.

Ijaraga beruvchi balansda saqlovchining arizasi kelib tushgandan 2 kunda davlat mulkini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali onlayn-auksion savdosiga chiqaradi.

Ijaraga oluvchi tomonidan ijtimoiy soha obyekti tarkibidagi yerda quyidagilar taqiqlanadi:

  • binolar va inshootlar, jumladan, yer osti inshootlarini qurish (yengil konstruksiyali inshootlar bundan mustasno);
  • ko‘ngilochar obyektlar faoliyatini tashkil etish (madaniyat obyektlarining yer uchastkalari bundan mustasno) .

Davlat mulki ijarasining eng ko‘p muddati bir ijara shartnomasi doirasida 6 yilni tashkil etadi.

Shuningdek, nodavlat professional ta’lim tashkilotlari, kichik tadbirkorlar hamda xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun 10 yil etib belgilanadi.

Davlat mulki obyektlari ijaraga berish uchun auksionga chiqarilganda, ijaraga berish muddati 3 yil etib belgilanadi.

Ko‘chmas mulk 1 yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga berilganda, ijara shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.

Avtomototransportlar savdo platformasi vositasida onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda, ijara shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi.

Ijaraga berilayotgan mulklarni hisobga olish va ma’lumotlar bazasini yuritish ijaraga beruvchi tomonidan online-ijara.uz axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Avvalroq O‘zbekiston qonunchiligiga davlat mulkini xususiylashtirishning yangi turlarini kiritishga qaratilgan qonun loyihasi senatorlar tomonidan ma’qullangandi.