Samarqand viloyatida davlat manfaatlariga zarar keltirgan mayning ferma faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbout xizmati xabar berdi.
Viloyatda o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirida Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaro X.A. noqonuniy ravishda mayning ferma faoliyati bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan.
Fuqaro o‘ziga tegishli noturar bino yerto‘lasida 25 dona mayning qurilmasini elektr tarmog‘iga yashirin ravishda ulagan ravishda tizimdan foydalangan.
Dastlabki qayta hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy holat natijasida davlat manfaatlariga 2,37 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Bu bo‘yicha tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda hamda reyd tadbirlari davom etmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida 26ta noqonuniy mayning fermalar tomonidan 58,2 mlrd so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlangan.
Oktabrda Navoiyda davlat manfaatlariga 24 mlrd so‘mdan ziyod zarar keltirgan noqonuniy mayning fermasi faoliyati to‘xtatildi. Farg‘onada aniqlangan holatda mayning ferma tomonidan yetkazilgan zarar 2,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Noyabr oyida Xorazm hamda Farg‘ona viloyatlarida bu kabi holatlar aniqlandi. Ular tomonidan elektr tarmog‘iga 13 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Dekabrga kelib, Farg‘onada tizimga 2,8 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan yana bir mayning ferma faoliyatiga chek qo‘yildi. Navoiydagi mayning fermaning elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanishi natijasida tizimga 1,8 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Andijonda noqonuniy mayning ferma tomonidan 2,4 mlrd so‘mdan ortiq zarar aniqlandi.