Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar soliq siyosatiga oid qonun loyihasini qabul qildi.
15-dekabr kuni o‘tkazilgan majlisda deputatlar “Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Loyiha bilan 2024-yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari — QQS, foyda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad, yuridik shaxslarning mol-mulk, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i, ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliqlar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur soliq stavkalarining o‘zgarishsiz qoldirilishi tadbirkorlar manfaatidan kelib chiqib, ularga qulaylik yaratish maqsadida belgilanmoqda.
Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun kameral soliq tekshiruvida ulardan hujjat talab qilish, bino va hududlariga kirish yoki uni idoraga chaqirish taqiqlanadi.
Soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilgacha qisqartirilmoqda, foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mga oshiriladi.
Qonun loyihasida soliq solish bazasini kengaytirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, inflyatsiya darajasidan kelib chiqib aksiz solig‘i va resurs soliqlarini indeksatsiya qilish belgilanmoqda.
Hujjatning qabul qilinishi tadbirkorlarga yengilliklar yaratish, soliq bazasini kengaytirish va budjet daromadlarining to‘liqliligini ta’minlash hamda iqtisodiyotda yashirin faoliyat ulushini qisqartirishga xizmat qiladi, deya qayd etilgan xabarda. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Prezident farmoni bilan ayrim tovarlarni realizatsiya qilishga doir aylanma QQSdan ozod qilinadi. Imtiyoz budjet tashkilotlari, davlat korxonalari hamda o‘z ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan sotib olinadigan tovarlarga amal qiladi.
Avvalroq deputatlar O‘zbekistonda energetik ichimliklarga aksiz solig‘ini belgilash taklifini ilgari surgandi. Xususan, kelasi yildan energetik ichimliklarning 1 litri uchun 2 ming so‘m miqdorida aksiz solig‘i undirilishi mumkin.