2023-yil noyabr oyi oxirida “EastFruit” nashri O‘zbekistonda issiqxona silliq kalta bodring narxining tez ko‘tarilishi, bu esa, o‘z navbatida, joriy yilning sentabr oyida ushbu ekin ekish paytida issiqxonalarni gaz bilan ta’minlashdagi muammolar bilan bog‘liqligi haqida yozgan edi.
Keyinchalik, ushbu mahsulotlar narxi o‘sishda davom etdi va o‘tgan haftada o‘rtacha ulgurji narx 29%ga oshdi.
Bundan tashqari, Toshkentning ulgurji bozorlarida birinchi katta miqdorda issiqxona silliq uzun bodringlar paydo bo‘ldi, ularning narxi o‘tgan yilgi rekord darajadan oshdi.
“EastFruit” narxlari monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil 1-dekabrdan 8-dekabrgacha O‘zbekistonda issiqxonada silliq kalta bodringning o‘rtacha ulgurji narxi 21 ming so‘mdan 27 ming so‘m/kgga ($1,71 dan $2,19 gacha) oshgan va o‘tgan yilgi rekord ko‘rsatkichni tutib qolgan.
O‘tgan haftada Toshkentning ulgurji bozorlarida o‘tgan yillardagidan ancha yuqori narxda issiqxonada yetishtirilgan silliq uzun bodringning birinchi yirik miqdori paydo bo‘ldi.
2023-yil 8-dekabr holatiga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning o‘rtacha ulgurji narxi 25 000 so‘m/kg ($2,03)ni tashkil etadi.
Bu o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 14%ga, 2021-yilga nisbatan 2,5 barobarga va 2020-yilning shu sanasidagi ko‘rsatkichdan 1,7 baravarga yuqoridir.
O‘zbekistonda issiqxona bodringining tarixiy maksimal ko‘rsatkichlari joriy yilning yanvar oyining uchinchi o‘n kunligida qayd etilgan.
O‘shanda Markaziy Osiyo mamlakatlarida yilning shu davri uchun anomal past harorat kuzatilgan.
Issiqxonadagi silliq uzun bodringning o‘rtacha ulgurji narxi o‘shanda 31 000 so‘m/kg ($2,75), kalta silliq bodring esa 35 000 so‘m/kg ($3,10) edi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda olma narxi ketma-ket ikkinchi hafta oshishda davom etayotgani haqida yozgandi.
Xususan, “Renet Simirenko” navli olmaning o‘rtacha ulgurji narxi 5000 dan 9000 so‘mgacha qimmatlagan.