O‘zbekiston va BAA parvozlar chastotasini bir necha barobarga oshirishga kelishdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ar-Riyodda o‘tkazilgan “ICAN-2023” tadbiri doirasida ikki mamlakat aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.

Tomonlar parvozlar geografiyasi hamda chastotasini oshirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Hujjat Toshkent va Samarqand aeroportlari bilan bir qatorda viloyatlardagi barcha xalqaro aeroportlardan BAAning Dubay, Abu-Dabi, Sharja, Ras al-Hayma va Fujayra shaharlariga parvozlarni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.

Kelishuv quyidagi yo‘nalishlarda parvozlarni tashkil etishni nazarda tutadi:

  • Abu-Dabidan — Toshkent, Samarqand, Urganch, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz hamda Nukus shaharlariga haftasiga jami 41ta chastotada;
  • Dubaydan — Toshkent, Samarqand, Namangan, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona hamda Nukus yo‘nalishlarida haftasiga jami 35ta chastotada;
  • Sharjadan — Toshkent, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Qarshi hamda Termizga haftasiga jami 23ta chastotada;
  • Ras al-Hayma — Toshkent va Samarqand yo‘nalishlarida haftasiga jami 6ta chastotada;
  • Fujayra — Toshkent yo‘nalishida haftasiga 3ta chastotada.

Mazkur kelishuv har ikki mamlakat o‘rtasida xorijiy sayyohlar hamda tranzit yo‘lovchilarning o‘zaro almashinuvi, ziyorat turizmi rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, yangi yo‘nalishlar O‘zbekistonda yangi tashkil etilayotgan aviakompaniyalar uchun parvozlar geografiyasini kengaytirishi hamda xizmatlar eksporti hajmining oshirishi kutilmoqda.

Avvalroq “ICAN-2023” tadbiri doirasida O‘zbekiston va Bangladesh havo qatnovi bo‘yicha yangi shartnomani imzolagandi. Unda keyin “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi 2025-yildan Kanadaga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni oshiriladi. Tomonlar xalqaro aeroportlar mavjud bo‘lgan shaharlar o‘rtasida haftasiga 35ta parvozni yo‘lga qo‘yishga kelishdi.