Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda mamlakatda mashhur brendlar ostida mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Misol uchun, kelgusi yil oktabrda Chirchiqda qiymati $50 mlnlik yiliga 2,5 mln dona bo‘lgan alyumin qadoqlash korxonasi ishga tushadi.
“Bu nafaqat salqin ichimliklar, balki kosmetika, maishiy kimyo, oziq-ovqat yo‘nalishidagi brendlar uchun tayyor xom ashyo bazasi”, deyiladi xabarda.
Shundan kelib cbiqib, o‘nlab nufuzli brendlar bilan ishlab, ularni O‘zbekistonga olib kelish choralarini ko‘rish topshirildi.
Brendlarni jalb qilish bo‘yicha quyidagi yangicha yondashuvlar joriy qilinadi:
- nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash xarajatlari qoplab beriladi;
- mashhur brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun, mahalliylashtirishni kamida 60%ga yetkazish sharti bilan zarur bo‘lgan barcha xom ashyolar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi;
- mahsulotini kamida 30%ini brend ostida ishlab chiqaradigan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklar beriladi;
- yirik brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan O‘zbekistonda ishlaganlik uchun to‘lovlar undirilmaydi.
Prezident kelgusi yilda Xanoy (Vetnam), Lots (Polsha), Ivanovo (Rossiya), Prata (Italiya) shaharlarida to‘qimachilik savdo uylarini ochish topshirig‘ini berdi.
Mashhur brendlar o‘zi ishlab chiqarish qilmay, balki aniq talablarni belgilab, buyurtmalarini bunga javob beradigan ishlab chiqaruvchilarga joylashtiradi.
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bor mahsulotlar tashqi bozorlarda brendga aylanmagani uchun arzon sotilayotgani, endi mahsulotlarni faqat mamlakatdan chiqib ketgunicha emas, balki ularni tashqi bozorlarda brend sifatida tanitish uchun sharoit yaratib berish zarurligi ta’kidlandi.
Savdo sanoat palatasi mato, uy tekstili, ichki kiyimlar, gilam, poyabzal, charm aksessuarlar, quritilgan va konservalangan meva-sabzavot, qandolat, lak-bo‘yoq, marmar, chinni, kafel, idish va santexnikalar bo‘yicha mashhur brendlar buyurtmalarini joylashtiruvchi 30ta “sorsing” kompaniyasi bilan kelishuvga erishib, mahalliy korxonalar bilan bog‘lashi zarurligi aytildi.
Joriy yilning avgust oyida davlat rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga 50 mln so‘mdan grant ajratilishini ma’lum qilgandi. Brendlarning mahsulotlarini olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona rejimi joriy qilinadi.