Avvalroq sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanilib, hibsga olingani haqida xabar berilgandi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov bu bo‘yicha rasmiy axborotni taqdim etdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida Bosh prokuror o‘rinbosarining Aziz Voitovga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqildi.
Sobiq vazir Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 14-dekabrdagi ajrimi bilan Bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi Aziz Voitovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.
Joriy yilning 25-oktabr kuni Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. U 2022-yilning avgust oyi oxiridan buyon mazkur lavozimda ishlab kelayotgandi.