Prezident raisligida ishlab chiqarishni kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
“Spot” unda ilgari surilgan muhim taklif va tashabbuslarni bir joyga jamladi.
Ishlab chiqarishda sertifikat, boj va yig‘imlarni yumshatish bo‘yicha choralar ko‘riladi
Trikotaj kiyim va mato, gazlama, kabel, maishiy texnika, mevalar, uzum, dukkakli ekinlar, qayta ishlangan meva-sabzavot kabi eng ko‘p eksport bo‘ladigan 10 turdagi mahsulotni tashqi bozorlarga olib kirishda ko‘plab to‘siqlar borligi qayd etildi.
Tarmoqlar har doimgi eksport bozorlari bilan cheklanib qolayapti, yangi bozorlarga kirib borishga ularda toqat yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga eksportbop 10 turdagi tayyor mahsulotning har biriga 10tadan yangi istiqbolli bozorni belgilab, bozorlarda mahsulotlarga texnik va sifat talablarini o‘rganib, mahalliy korxonalarga ularni o‘rgatish, laboratoriyasiga yordam berish topshirildi.
Xorijdagi hamkasblar bilan muzokara o‘tkazib, sertifikat, boj va yig‘imlarni yumshatish bo‘yicha choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Yuqori qiymat beradigan yangi loyihalarga $200 mln ajratiladi
To‘qimachilik sanoatida kiyim-kechak, uy tekstili, mehmonxona uchun sochiq, choyshab, yostiq, matras, parda kabi mamlakatda ishlab chiqarsa bo‘ladigan tovarlar asosan chetdan olib kelinayotgani qayd etildi.
Shu bois aralash tola va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun birinchi bosqichda 125 ming tonna sun’iy toladan ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha 15ta loyiha ishga tushirilishi belgilandi.
Shuningdek, Andijon shahrida $15 mlnlik, Samarqand shahrida $20 mlnlik loyiha hisobiga sun’iy toladan parda va mebel matolari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Kelgusi yilda to‘qimachilikda yana kamida $700 mln qo‘shilgan qiymat yaratish, trikotaj bo‘yoqxonalar quvvatini 40%ga, gazlama matoda — 30%ga olib chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi to‘qimachilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilish topshirildi. Yuqori qiymat beradigan yangi loyihalarga $200 mln resurs sifatida ajratilishi belgilandi.
Bu mablag‘lar yirik tozalash inshootlari qurib beriladigan hududda bo‘yoqxonalar tashkil qilish loyihalariga beriladi. Ularga suvni tozalash inshootlari xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi.
Ohangaron sanoat zonasida $120 mlnlik 5ta loyiha ishga tushiriladi
Kimyo sohasida $3 mlrdlik loyihalar shakllantirilgani ma’lum qilindi. Davlat rahbari elektrotexnika sanoatida mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish masalalariga to‘xtaldi.
Kelgusi yilda tarmoqda $2 mlrdlik loyihani amalga oshirish uchun imkoniyat va mahsulotlar uchun katta bozor borligi ta’kidlandi.
Masalan, Saudiya Arabistonining “Acwa Power” kompaniyasi bilan 5 gigavattli quyosh va shamol stansiyalarini qurish bo‘yicha boshlangan loyihalar uchun kabel kerak bo‘ladi. Umuman, hozirda boshlangan 27 gigavatt quvvatli quyosh va shamol stansiyalari loyihalari doirasida $500 mlnlik kabelga ehtiyoj bor.
Shundan kelib chiqib, kelgusida Ohangaron sanoat zonasida $120 mlnlik 5ta loyihani ishga tushirib, 25 ming tonna misdan kabel va 1,5 mingta transformator ishlab chiqarish, Buxoro shahrida $120 mlnlik texnoparkni ishga tushirib, $25 mlnlik maishiy texnikalarni mahalliylashtirish rejalashtirilgani aytildi.
Davlat rahbari bu yil iqtisodiyotda xizmatlar ulushi 43,5%ga yetishi kutilayotgani, lekin bu yetarli emasligini ta’kidladi. O‘tgan 11 oyda 421 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 13,6% ko‘p.
Ayniqsa, Guliston, Nurafshon, Yangiyer, Yangiyo‘l, Termiz, Xonobod, Nukus, Ohangaron va Chirchiq shaharlarida o‘sish 10%dan kam, Peshku, Uchko‘prik, Asaka va Piskent tumanlarida 4%ga ham yetmagan.
Sohalar kesimida tahlil qilganda, bugungi kunda moliya, transport, savdo, turizm, ta’lim, tibbiyot va IT jami xizmatlar hajmining 85%ini tashkil etadi.
Kapital bozorlarida $500 mlnlik “yevrobond” joylashtiriladi
Joriy yilda moliyaviy xizmatlar hajmi 20%ga o‘sishi kutilmoqda. Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Biznesni rivojlantirish banki hamda o‘rta biznes uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil qilindi.
Shuningdek, ilk bor bazaviy bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya banklari ishga tushadi. Ularga aholidan depozit qabul qilish, to‘lovlar o‘tkazish, xorijiy valyutada qarz mablag‘lari jalb qilishga ruxsat berilmoqda.
Shularni hisobga olib, kelgusi yilda moliyaviy xizmatlarda 30% o‘sish qilib, uning hajmini 140 trln so‘mga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.
Kelgusi yilda xalqaro kapital bozorlarida $500 mlnlik “yevrobond” joylashtirishga ko‘rsatma berildi.
Aholiga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi
“Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida o‘z mikro-biznesini yo‘lga qo‘ygan va ijobiy kredit tarixiga ega aholiga 50 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar berish yo‘lga qo‘yiladi.
Hozirda 2,4 mln aholi o‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Yig‘ilishda ularga biznesga birinchi qadam uchun kredit berish taklifi bildirildi.
Bunda, yillik 340 ming so‘m ijtimoiy soliq to‘lagan aholiga imtiyozli kredit ajratilib, “onlayn” usulda bank kartasiga o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, faoliyatini kengaytirib, tadbirkor bo‘lish istagidagi aholiga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi, 50%i bank kartasiga o‘tkazib beriladi.
Toshkentni viloyat markazlari bilan bog‘lovchi kunlik aviareys qo‘yiladi
Transport xizmatlarining yarmi avtotransportga to‘g‘ri keladi. Bu yil 1,5 mingga yaqin avtobus olib kelingan bo‘lsa-da, o‘sish 5,5%dan oshmagan.
Transport vazirligiga yana kamida 1 200ta avtobus sotib olib, yo‘nalishlarga chiqarish topshirildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga avtobus qatnovlari 2 barobar oshiriladi.
Aviaxizmatlar bozorida ham raqobat paydo bo‘ldi, 6ta xususiy kompaniya ish boshladi. Yil boshidan 25ta yangi samolyot olib kelindi, 17ta yo‘nalish ochildi.
Shunga qaramasdan, sohadagi xizmatlar hajmi 7,7% o‘sgan, xolos. Transport vazirligi oldiga kelgusi yilda aviatashuvlar hajmini 20%ga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Buning uchun quyidagilar amalga oshiriladi:
- Toshkent shahrini viloyat markazlari bilan bog‘lovchi har kuni kamida 2tadan reys qo‘yiladi;
- viloyat markazlarini o‘zaro bog‘lovchi haftasiga kamida 1tadan reys amalga oshiriladi;
- kamida 7ta samolyot olib kelinib, yana 3ta xalqaro yo‘nalish ochiladi.
Xalqaro tashishlarda mahalliy ekspeditorlar xizmatiga QQSdan imtiyoz berilishi mumkin
Temir yo‘l bo‘yicha tariflar qayta ko‘rib chiqildi, keraksiz imtiyozlar bekor qilindi. Shuningdek, 6ta tezyurar hamda shaharlararo qatnaydigan 30ta elektr poyezd olib kelinmoqda.
Bu sohada kelgusi yilda kamida 20% o‘sishni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Yana bir masala — xalqaro tashuvlarda mahalliy transport-ekspeditor korxonalar ulushi kam.
Mahalliy ekspeditorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning xizmatidan foydalanilganda, import tovarlariga bojxona boji hisoblashda transport xarajatini chegirish, xalqaro tashishlarda mahalliy ekspeditorlar xizmatiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz berish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
IT-xizmatlar hajmi 41 trln so‘mga yetkaziladi
Yana bir tez o‘sib borayotgan soha bu — xususiy ta’lim va tibbiyot xizmatlari.
Bu sohalar imkoniyatini to‘liq ishga solish uchun tadbirkorlarga aholiga yaqin, kompleks xizmatlar ko‘rsatish imkoni bor joylardan yer berish mumkinligi ta’kidlandi.
Shu bois mutasaddilarga bo‘sh yerlarni aniqlab, xususiy tibbiyot va ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun faqat ixtisosligi bo‘yicha auksionga chiqarish topshirildi.
Yig‘ilishda IT-xizmatlarining YaIMdagi ulushi 3−3,5%ga teng ekani, bu boradagi imkoniyatlar hali to‘liq ishga solinmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Kelgusi yilda tarmoqda kamida 30% o‘sishni ta’minlab, xizmatlar hajmini 41 trln so‘mga yetkazish, eksportni 2 karra oshirish muhimligi qayd etildi.