2060-yilga borib semirish va ortiqcha vazn muammosi O‘zbekiston iqtisodiyotiga $21,6 mlrd zarar keltirishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

Markazning ta’kidlashicha, 1991-yildan boshlab mamlakatda o‘rtacha tana massasi indeksi har yili 0,12 punktga oshgan va 2006-yilda kvadrat metr uchun 25 kgga yetgan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tana massasi indeksi hozirda har kvadrat metrga 26,5 kgni tashkil etadi, bu esa mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Tana vaznining oshishi yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, tayanch-harakat tizimi kasalliklari va saraton kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning rivojlanishiga xizmat qiladi.

Butunjahon semirish federatsiyasi prognozlariga ko‘ra, 2030-yilga borib kattalar vazni 59%ga, 2060-yilga kelib esa 80%gacha oshadi.

2060-yilga borib semizlik muammosi tufayli O‘zbekiston iqtisodiyotiga yetkazilgan zarar YaIMning 4,7%ini tashkil qiladi, bu aholi jon boshiga $490ga to‘g‘ri keladi.

Natijada jami xarajatlar 12 barobar ortadi, deya ta’kidlanadi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida.

Avvalroq O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi iqtisodiyotning 0,5%ga o‘sishini ta’minlashi haqida xabar berilgandi.