Prezidentning 10-oktabrdagi mamlakatda temir yo‘l transporti sohasini isloh qilishga qaratilgan qarori bilan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tarkibidagi korxonalar negizida yangi korxonalar tashkil etilishi belgilangan.
Xususan, yil oxirigacha “Temiryo‘linfratuzilma”, “Temiryo‘lkargo”, Temiryo‘lekspress", “Temir yo‘l vokzallari”, “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” hamda “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” kompaniyalari tashkil etiladi.
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” aksiyodorlik jamiyati negizida “Temiryo‘lkargo” AJ tashkil etildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi aksiyadorlik jamiyati xalqaro multimodal transport operatori bo‘lib, quyidagi xizmatlarni taqdim etadi:
- yuk vagonlari va konteynerlarini ekspluatatsiya qilish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish;
- “uyma-uy” tashishni boshqarish;
- logistika markazlari va terminallarini shakllantirish;
- tovarlarning logistika ta’minoti zanjirlarini shakllantirish, boshqa davlatlar hududida multimodal logistika terminallarini ishlatish bo‘yicha xizmatlar va boshqa logistika xizmatlarini ko‘rsatish.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” “Temiryo‘lkargo” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori etib Muminov Abdusamat Abduvaxidovichni tayinladi.
Bundan tashqari, 13-noyabrdan quyidagi rahbarlar lavozimlarga tayinlangan:
- Norqabilov Sirojiddin Anvarovich — “Temiryo‘linfratuzilma” bosh direktori;
- Xojiakbarov Dilshodjon Xojiakbarovich — “Temiryo‘lekspress” bosh direktori;
- Mamasidikov Muxsinjon Musajonovich — “Temiryo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi direktori;
- Xolmatov Azizjon Turg‘unali o‘g‘li — “Temir yo‘l vokzallari” MChJ direktori;
- Mamaraimov Muratjon Bazarbayevich — “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MChJ direktori.
Avvalroq Narzullayev Zufar G‘iyasovich “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisi lavozimiga tayinlangandi.
Prezident qarori bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari"ni 2025-yilgacha raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan.
2023−2026 yillarda Janubiy Koreya va Chexiyadan O‘zbekistonga elektropoyezdlar xarid qilinadi. Chexiyaning “Skoda” kompaniyalar guruhi O‘zbekiston hukumati bilan elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi.
O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari doirasida Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l vokzallarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Temir yo‘l vokzallarining rivojlantirilishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi daromadini oshirishi qayd etilgan.