“Tashkent City Mall” savdo markazining ochilishi 2024-yilning birinchi choragiga ko‘chirildi. Bu haqda savdo-ko‘ngilochar markazining matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Savdo markazining ochilishi “obyektiv sabablarga ko‘ra” qoldirilmoqda. Savdo markazi bilan shartnoma tuzgan brendlar soni 80%dan ortiq bo‘lishiga qaramay, ba’zi hamkorlar ta’mirlash ishlarida kechikishlarga duch kelishayotgani qayd etilgan.

“Savdo-ko‘ngilochar markazimiz mehmonlarga eshiklarini ochishi uchun brendlarimizning 50% qismi umumiy tayyor bo‘lishini kutyapmiz”, — deyiladi bayonotda.

“Hyper Partners” tomonidan amalga oshirilgan “Tashkent City Mall” savdo markazi qurilishi dastlab avgust oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgandi.

Jami 245 ming kvadrat metr binolarning ijara maydoni 100 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. “Galmart”, “Spotmaster”, “Nike” va “12 STORЕEZ” savdo, “Subway” hamda “HuQQabaz” ovqatlanish nuqtalari “Tashkent City Mall"da joylashadi.

Joriy yilning may oyida prezident qarori bilan “Tashkent City Mall” savdo maydonchasi ijara to‘lovlarini xorijiy valyutada amalga oshirish huquqini oldi. Poytaxtning qolgan savdo-ko‘ngilochar markazlari sarmoya hajmi va ijara maydoni bo‘yicha shartlarga javob bermaydi.