Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi yettita mahallada turizm maskani tashkil etiladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Mamlakatga sayyohlar oqimini yanada oshirish uchun mehmonxona va mehmon uylarini ko‘paytirish lozimligi ta’kidlandi.
Bu borada Parkentdagi Kumushkon, Hisarak, So‘qoq, Boshqizilsoy, Changi, Zarkent, Boyqozon mahallalarida turizm maskani tashkil etiladi.
Xonobod shahri, Boysun, Baxmal, Forish, Angren va Ohangaronda ham turizm maskanlari master rejasini tayyorlash topshirildi.
Omonxona, Maydanak kabi turistik obyektlar infratuzilmasini yaxshilashga $30 mln yo‘naltirish, turizm obyektlariga olib boruvchi yo‘llar infratuzilmasiga qo‘shimcha 200 mlrd so‘m ajratish qaror qilindi.
Yo‘llarni ta’mirlash bilan birga, ular atrofida kompleks xizmatlarni rivojlantirishda yangicha yondashuv bo‘ladi.
Turizm obyektiga olib boradigan qaysi yo‘l ta’mirlanayotgan bo‘lsa, o‘sha yo‘l bo‘yida savdo va servis shoxobchalarini joylashtirish bo‘yicha master rejalari ishlab chiqiladi va tadbirkorlarga beriladi.
Shu bilan birga, aholi va turistlar uchun qulay marshrutlar ishlab chiqilib, jamoat transporti yo‘lga qo‘yiladi, xostel va mehmon uylari tashkil qilinadi.
Xorij tajribasida turistlarni jalb qilish uchun tilla buyumlar savdosi keng yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatda buning uchun yetarli sharoit yaratilgan bo‘lsa ham, o‘tgan ikki yilda juda kam tilla buyumlar sotilgani qayd etildi.
Shu bois kelgusi yilda yangi zargarlik komplekslarini har bir hududda tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi. Ulardagi do‘kon va rastalar, zargarlik uskunalari 7 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi.
Shuningdek, mamlakatda xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligini tashkil qilish taklifi bildirildi. Unga dunyoning yetakchi moda uylari taklif qilinadi. Tayyor ipak mahsulotlari tanlovi o‘tkaziladi va mukofot jamg‘armasiga har yili $2 mln ajratiladi.
Bozorlarni turistlar kunlab vaqtini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan majmualarga, mamlakatning “tashrif qog‘ozi"ga aylantirish muhimligi ta’kidlandi. Milliy madaniyatni aks ettirgan yangi bozor komplekslari loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi 240 gektar, Qamashi tumanidagi 58,6 gektar maydonlarda Shahrisabz hamda Maydanak baland tog‘ turistik markazlari qurilishi ma’lum qilingandi.
Joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan 4,3 mln turist tashrif buyurib, ulardan $1,4 mlrd tushum bo‘lgan. Yil oxirigacha mamlakatga 7 mln sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Oktabrga kelib xorijiy turistlar soni jami 5,5 mlnga yetdi.
Oktabr oyida prezident xorijiy sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab bergandi. Xususan, Xitoydan Samarqand, Buxoro, Xorazmga, Surxondaryo va Farg‘ona vodiysiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, Toshkent va Moskva o‘zaro sayyohlar sonini 1 mlndan oshiradi. O‘zbekiston rossiyaliklar orasida eng mashhur qishki yo‘nalishlar uchligiga kiradi.
Samarqanddagi “Bog‘i baland” mahallasi hamda Surxondaryodagi “Sangardak” mahallasiga “Turizm mahallasi” maqomi berilgan.