“Meta” bosh direktori Mark Sukerberg Gavayida o‘ta maxfiy bunker qurmoqda. Bu haqda “The Wired” tadqiqotiga tayanib, “RBC” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Sukerbergning loyihasi nafaqat turar-joy majmuasi, balki korporativ majmua ham hisoblanadi.

Qurilish 70 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladigan arxipelag g‘arbidagi Kauay orolida olib borilmoqda.

Sukerberg bu yerni 2014-yil avgust oyida boshlangan bitimlar natijasida sotib olgan. Kompleksning maydoni taxminan 560 gektarni tashkil etadi.

Loyiha hujjatlariga ko‘ra, uning qiymati $270 mlndan oshadi (qurilish uchun $100 mln va yer maydoni uchun $170 mln sarflangan).

Hududda 12 dan ortiq binolar, jumladan, kamida 30 ta yotoq xonasi va hammom bilan ikkita qasr quriladi. Qasrlarda ofislar, yig‘ilish xonalari va sanoat o‘lchamidagi oshxona bo‘ladi.

Qasrlar tunnel orqali 5 ming kvadrat metr maydonga ega er osti boshpanasiga ulanadi.

Yerosti bunkerining yashash maydoni, mexanik xonasi va portlashdan himoyalangan beton va temir eshigi bo‘ladi.

Yana bir bino sport zali, tennis korti, suzish havzalari, sauna va hovuzga ajratiladi. Majmuadagi o‘rmonda 11 ta daraxt uyi bo‘ladi.

U energiya, suv va oziq-ovqatning o‘ziga xos zaxiralariga ega bo‘ladi (ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri majmua hududida ishlab chiqariladi).


Avvalroq “Spot” Mark Sukerberg “Meta” aksiyalarini sotgani haqida yozgandi.

Sotilgan aksiyalar soni 682 ming dona bo‘lib, qiymati $185 mlnni tashkil qiladi.