Noyabr oyida avtomobil bozorida sotuvlar sezilarli darajada pasayishni ko‘rsatdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.
O‘tgan oyda sotuvlari deyarli joriy yilning iyul oyi darajasida shakllanib, 145 mingtadan oshdi. Biroq, ko‘rsatkich sotuvlar keskin oshgan oktabrga nisbatan past shakllandi.
Faollikning pasayishi asosan avtomobil bozorining siklik xususiyati bilan bog‘liq. Bunga qaramay, savdoning o‘sish tendensiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda. Yil boshidan buyon avtotransport vositalari savdosi 16,4%ga oshdi.
Yengil avtomobillar bozori. Noyabr oyida yengil avtomobillar savdosi 22%ga kamayib, 131 mingta avtomobil ko‘rsatkichida qayd etildi va yillik sotuvlar 12%ga qisqardi.
Oy davomida hududlar bo‘yicha eng sezilarli pasayish Surxondaryo, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatildi.
Yil boshida yengil avtomobillar bozorida o‘sish kuzatilib, savdo hajmi 10,4%ga oshdi.
Birlamchi yengil avtomobillar bozoridagi vaziyat
Oy davomida yangi yengil avtomobillar savdosi 21%ga kamaydi. Shu bilan birga o‘tgan yilning noyabr oyiga nisbatan faollik 16%ga oshdi.
Yangi mahalliy yengil avtomobillar segmentida pasayish 20%ni tashkil etdi. Oktabr oyida 39 mingta avtomobil sotilgan bo‘lsa, noyabr oyida bu ko‘rsatkich deyarli 8 mingtaga kam bo‘lgan.
Xorijiy yengil avtomobillar bozori. Oy davomida xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi 25%ga pasaygan holda 4,4 mingtani tashkil etdi. Shu bilan birga, yil davomida xorijiy avtomobillar savdosi 32%ga oshdi.
Ikkilamchi avtomobil bozoridagi vaziyat
Noyabr oyida ikkilamchi avtomobil bozori ham pasayishni ko‘rsatdi. Haydalgan yengil avtomobillar savdosi 95 mingta mashinani tashkil etdi, bu o‘tgan oyga nisbatan 23%ga kam.
Yil davomida haydalgan avtomobillar savdosi 20%ga kamaydi.
Elektromobillar bozori
O‘zbekiston elektromobillar bozorida savdoning salbiy dinamikasi saqlanib qolmoqda. Ushbu segmentda sotuvlar ketma-ket uchinchi oy pasaymoqda, o‘tgan oy 30% pasayish qayd etildi.
Noyabr oyida 1,9 mingta yengil elektrokar sotilgan bo‘lib, bu oktabr oyiga nisbatan 800ta avtomobilga kam.
O‘tgan yilning noyabr oyiga nisbatan elektromobillar savdosi 6,5 baravar oshdi. Umuman olganda, yil boshidan buyon mamlakatda elektromobillar savdosi 3,4 barobar ortdi.
Elektromobillarning birlamchi bozori biroz “o‘ynadi”, deyiladi xabarda. Ya’ni, noyabr oyidagi pasayish oktabr oyidagi 35%ga nisbatan 28% pasayishni ko‘rsatdi. Umuman olganda, bu yerda sotuvlar yil davomida 10 barobar oshdi.
Elektrokarlarning ikkilamchi bozori 36%ga qisqardi, bunda haydalgan mashinalar sotuvi 250 donaga kamaydi. Ushbu segment yil davomida 3 barobar o‘sdi.
Dekabr oyining ikkinchi yarmida “UzAuto Motors"ning ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiya ochilishi kutilmoqda. Endilikda kontraktatsiyani avtosalonlardan emas, faqat onlayn tarzda kompaniya sayti va ilovalari orqali rasmiylashtirish mumkin.