Savdo-sanoat palatasi “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida"gi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Unda “Usta-shogird” maktabi tushunchasi, hunarmandning huquq va majburiyatlari, faoliyatni amalga oshirish xususiyatlari hamda hunarmandchilik faoliyati yo‘nalishlari belgilangan.
Shuningdek, qonun loyihasi “Hunarmand” uyushmasi faoliyatining ustuvor vazifalari va yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, qonun bilan Milliy katalog va turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan hunarmandlar reyestri, hunarmandlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari, hunarmand va shogird o‘rtasidagi munosabatlar, hunarmand bo‘lish istagini bildirgan fuqarolarni professional o‘qitish va boshqa masalalar qamrab olingan.
Hunarmand quyidagi huquqlarga ega:
- “Usta-shogird” maktablari ochish va faoliyat yuritish;
- shogirdlar tayyorlash, hunarmandchilik faoliyati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatish;
- faoliyat turiga muvofiq buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish, ularni mustaqil yoki boshqa tarzda sotish;
- ishlab chiqarilgan mahsulot yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda identifikatsiyalash;
- fuqarolarni mehnat shartnomasi bo‘yicha ishga qabul qilish;
- mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish;
- faoliyati natijasida yaratgan o‘z mahsulotiga nisbatan mualliflik huquqiga ega bo‘lish;
- o‘z tamg‘asiga ega bo‘lish;
- Hunarmand asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun qonun va qonunosti hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega.
Hunarmand amaldagi qonunlar bilan taqiqlanmagan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Majburiyatlar quyida keltirilgan:
- ishlab chiqarilayotgan mahsulot yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning lozim darajada sifatliligini ta’minlash;
- mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda bevosita qatnashish;
- mehnat qonunchiligi normalarini ta’minlash.
Hunarmand amaldagi qonunlarga ko‘ra boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Loyiha hunarmandchilik faoliyati uchun qo‘shimcha imkoniyat va qulayliklarni yaratish, xomashyo bazasini mustahkamlash orqali aholi bandligini ta’minlash hamda hunarmandlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashni nazarda tutadi.
Qonun loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 29-dekabrgacha qabul qilinadi.
Avvalroq tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimida YaTTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda ariza beruvchilar xohishiga ko‘ra “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini uyushmaga kompozit usulda yuborish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilingandi.