“Spot” 2023-yilda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan xorijiy kompaniya, brendlar haqidagi ma’lumotlarni bir joyga jamladi.

Joriy yilning 1-oktabr holatiga mamlakatda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning soni 12 581 tani tashkil etgan.

18-dekabr kuni prezident mashhur brendlarni O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Endilikda mahsulotining kamida 30%ini brend ostida ishlab chiqaradigan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarga beriladigan imtiyoz va yengilliklar qo‘llaniladi.

Xullas, biz, mahalliy bozorga kirib kelgan va kirishni rejalashtirayotgan xalqaro kompaniyalar haqidagi muhim ma’lumotlarni tanladik.


Ozon

Rossiyaning “Ozon” onlayn tijorat kompaniyasi O‘zbekistonda sotuvni yo‘lga qo‘ydi. bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Endilikda fuqarolar mamlakatning barcha nuqtasidan 20dan ortiq toifadagi marketpleys mahsulotlariga buyurtma berishlari mumkin.

Birinchi bosqichda xaridorlar buyurtmalarni hamkor yetkazib berish punktlarida hamda 1660ta O‘zbekiston pochtasi bo‘limlarida qabul qilishlari mumkin. O‘rtacha yetkazib berish muddati 12 kunni tashkil etadi.

2024-yilda “Ozon” mamlakatda o‘zining logistika infratuzilmasini, jumladan, ombor majmualari va yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.


Sportmaster

Rossiyaning “Sportmaster” riteyleri Samarqanddagi “Family Park” savdo-ko‘ngilochar markazida o‘zining birinchi do‘konini ochish orqali O‘zbekiston bozoriga kirdi.

1100 kvadrat metr maydonga ega sport kiyimlari va aksessuarlari do‘koni savdo-ko‘ngilochar markazining birinchi qavatida joylashgan.

Aprel oyida tarmoq “Tashkent City Mall” bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolagandi.

Unga ko‘ra, reteyler erkak, ayol va bolalar uchun turli brendlarga ega mahsulotlar sotuvini amalga oshiradi.

Xususan, xaridorlarga fitnes, yozgi va qishki sport turlari uchun sifatli inventar, kiyim, poyabzal hamda aksessuarlar taqdim etiladi.

Qayd etilishicha, mazkur savdo markazi Toshkent va O‘zbekistondagi birinchi tarmoq joylashuvi bo‘ladi.


Costa Coffee

Iyul oyida Buyuk Britaniyaning “Costa Coffee” qahvaxonalar tarmog‘i Toshkentda o‘zining ilk shoxobchasini ochdi. Xalqaro brend mahalliy bozorga “Costa Coffee” kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy franchayzi “Best Coffee Chain” tomonidan olib kelingan.

“Spot” xalqaro qahva brendi O‘zbekiston bozoriga qanday kirib kelgani haqida intervyu tayyorlagandi.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


Uklon

22-iyundan Ukrainaning “Uklon” taksi xizmati Toshkentda faoliyatini boshlagani haqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, taksi xizmatini birinchi marta buyurtma qilganlarga safar narxi uchun 35%gacha chegirma taqdim etiladi.

“Spot” mahalliy bozorda agregatorni ishga tushirishdagi qiyinchiliklar haqida intervyu tayyorlagandi.


Yandex Eats

7-martdan “Yandex Eats” yetkazib berish xizmati Toshkentda ishga tushirildi.

Foydalanuvchilar “Yandex Eats” ilovasi yoki “Yandex Go” saytining Eats bo‘limi orqali buyurtma qilishlari mumkin.

Qayd etilishicha, xizmat O‘zbekistondan tashqari besh mamlakat — Rossiya, Qozog‘iston, Belarus va Armanistonda taqdim etilgan.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


ChatGPT

9-noyabrdan “OpenAI” kompaniyasi “ChatGPT"da o‘zbek raqamidan ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini qo‘shdi.

Kompaniya saytida O‘zbekiston neyron tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar va hududlar ro‘yxatida paydo bo‘ldi.


Litres kitob servisi

Iyul oyida O‘zbekiston bozorida Rossiyaning “Litres” elektron kitoblar va audiokitoblar xizmati ish boshladi.

Unga ko‘ra, xizmat saytining o‘zbek tilidagi versiyasi litres.uz allaqachon ishga tushirilgan bo‘lib, ayni paytda 1500 ga yaqin nomdagi katalogni o‘z ichiga oladi.

Yil oxirigacha katalogni 4000 ta elektron va audio kitoblarga yetkazish rejalashtirilgan.

Xizmatning mobil ilovasidan ham foydalanish mumkin. Buning uchun Android va iOS qurilmalari uchun mo‘ljallangan versiyalarini o‘rnatish mumkin.


Medipol

Turkiyaning “Medipol” tibbiyot guruhi Toshkentda vakolatxonasini ochdi. Medipol Sog‘liqni saqlash vazirligi, xususiy shifoxonalar va mahalliy universitetlar bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Kelgusida korxona respublikada shifoxona ochish niyatini bildirgan.


Dyninno

Turizm, moliyaviy texnologiyalar va ko‘ngilochar sohalarda faoliyat yurituvchi “Dyninno” kompaniyalar guruhi Toshkentda o‘z filialini ochdi.

Toshkentdagi yangi filial guruhning xalqaro rivojlanish rejasiga muvofiq 2022-yilning dekabr oyidan ish boshladi.

“Dyninno” kompaniyasining Toshkentdagi xodimlari AQSh va Kanada bozorlarida faoliyat yuritayotgan mahsulotlarni sotish va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash uchun javobgar bo‘ladi.

Kompaniya 2004-yilda San-Fransiskoda tashkil etilgan bo‘lib, moliyaviy, ko‘ngilochar, sayohat va turizm sohalari uchun IT-yechimlarni ishlab chiqadi.


Shturm

Fevral oyida Rossiyaning “Sturm” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirdi. Korxonaning mahsulot assortimenti yuqori sifatli stanoklar, payvandlash va qurilish uskunalari, energiya bloklari, nasoslar, bog‘ jihozlari, elektr va qo‘l asboblarini o‘z ichiga oladi.


Greenwise

Rossiyaning “Greenwise” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga muqobil go‘sht yetkazib berishni boshladi.

“Greenwise” — Rossiyaning birinchi ishlab chiqaruvchisi va go‘sht, baliq va sut mahsulotlariga o‘simlik asosidagi alternativa ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, alfuda mahsulotlarining katta qatorini ishlab chiqaradi.


Yana qaysi kompaniyalar kirishi mumkin?

OMODA

Xitoyning “OMODA” avtomobil brendi O‘zbekiston bozorida sotuvni yo‘lga qo‘yishga tayyorlanmoqda.

“OMODA” — “Chery International” avtokonsernining brendlaridan biri hisoblanadi.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


Spar

Niderlandiyaning “Spar” supermarketlar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kiradi.

Xalqaro kompaniya mamlakatda “Korzinka” orqali faoliyat olib borishi hamda birinchi do‘konlari 2024-yilning o‘rtalarida ochilishi rejalashtirilgan.

Turli toifadagi to‘rtta do‘kon formatiga ega tarmoq orqali aholi Yevropa sifatli mahsulotlari assortimentidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deyiladi xabarda.


Papa John’s

Amerikaning “Papa John’s” pitseriya tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida.

Bu haqda noyabr oyi oxirida ochilgan “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idagi “Papa Johns Uzbekistan” sahifasidan ma’lum bo‘ldi.

Mazkur sahifaga biriktirilgan “Telegram-bot"da qayd etilishicha, pitseriyalar tarmog‘ining Toshkentda oltita filiali ish boshlashi rejalashtirilgan. Ehtimol, franshiza asosida amalga oshiriladi.

Ovqatlanish nuqtalari “Compass” savdo markazi, “Tashkent City Mall”, “Riviera”, “Dream Park” ko‘ngilochar bog‘i, “Sayram” ko‘chasi va “Minor” metrosi hududida ochiladi.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


galmart

Qozog‘istonning “galmart” riteyleri Toshkentda ish boshlashni rejalashtirmoqda.

Qayd etilishicha, supermarket ochilishga tayyorlanayotgan “Tashkent City Mall” savdo-ko‘ngilochar markazida joylashadi.

Xabarda ta’kidlanganidek, supermarket o‘zining galmart brendlari, xususan, pishirilgan mahsulotlar va eksklyuziv mahsulotlarning ekologik toza assortimentini taklif qiladi.


Whoosh

“Whoosh” kick-sharing xizmati Armaniston, Gruziya va O‘zbekiston bozorlarini ishga tushirish imkoniyatini faol o‘rganmoqda.

Kompaniya bosh direktori Dmitriy Chuyko O‘zbekiston hozirgi istiqbolda eng jozibador bozor ekanligini ta’kidladi.

“Whoosh” hozirda yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha qisqa muddatli rejalarga ega emas. Biroq, xizmat ko‘rsatish guruhi u erdagi vaziyatni kuzatib boradi va ushbu bozorlarga kirish uchun to‘g‘ri vaqtni tanlaydi.


Letual

Rossiyaning “Letual” parfyumeriya kompaniyasi O‘zbekistonda o‘zining chakana savdo tarmog‘ini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

“Kommersant"ning kosmetika bozoridagi manbasiga ko‘ra, Letual O‘zbekistondagi ko‘p sonli yosh iste’molchilarga va mamlakatga ko‘chib kelgan rossiyalik relokantlarga tayanadi.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


MED365

Qozog‘istonning “MED365” startapi O‘zbekiston bozoriga kirish uchun zarur sertifikatlarni olishga hozirlik ko‘rmoqda.

Startap asoschisi Chingiz Qulaxmetov hozirda byurokratik to‘siqlar borligini, ularni bartaraf etishga hamkorlar yordam berayotganini ta’kidladi.


Servis-Telecom

“Gazprombank” va “Servis-Telecom” kompaniyalar guruhi O‘zbekistonda hamkorlik loyihalarini amalga oshiradi.

“Servis-Telekom” O‘zbekiston bozoriga mamlakatning birinchi mustaqil infratuzilma operatorini yaratish orqali kirishni rejalashtirmoqda.


Slava

Rossiyaning “Slava” universal do‘konlari O‘zbekistonda o‘z do‘konlarini ochish niyatida. 2023-yil oxiriga qadar to‘rtta universal do‘kon ochish rejalashtirilgan edi.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


Medsi

Rossiyaning “Medsi” klinikalar va tibbiyot markazlari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Unga ko‘ra, guruh tibbiy xizmatlar sohasida ikkita brendni ro‘yxatdan o‘tkazdi — “Medsi International Healthcare” va “Medsi Medicine of Competence”.

Ulardan Armaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va MDHning boshqa mamlakatlari hamda BAA, Serbiya va Gruziya bozorlarida ishlash uchun foydalanilishi kutilmoqda.


Solar Turbines

Amerikaning “Caterpillar” guruhining “Solar Turbines” kompaniyasi O‘zbekistonda energiya, vodorod ishlab chiqarish uchun gaz turbinali dvigatellar ishlab chiqarish va uskunalarga xizmat ko‘rsatish markazini ochishni rejalashtirmoqda.


XimAgro

Rossiyaning “XimAgro” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda.

Bu bo‘yicha, savdo vakolatxonasi bilan kompaniyaning tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha direktori Roman Yatsumira o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar kompaniyaning mamlakat bozoridagi istiqbollarini hamda Savdo missiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qildi.

“XimAgro” O‘zbekistonda o‘z savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Hozir mamlakatda korxona ochish ustida ish olib borilmoqda.

Korxona bargdan oziqlantirishga mo‘ljallangan innovatsion o‘g‘itlar ishlab chiqaradi.


Tadweer

BAAning “Tadweer” kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish va iqlim ta’sirini yumshatishga ko‘maklashadi.

Dubayda o‘tkazilgan COP28 forumi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “Tadweer” kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Hujjat bilan qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishda innovatsion va ekologik toza texnologiyalar hamda xizmatlarni joriy etish va barqarorlikni oshirish belgilanmoqda.


Alabuga

Rossiyaning “Alabuga” kompaniyasi Buxoroda maxsus iqtisodiy zona tashkil etish niyatida.

O‘zbekiston tomoni birinchi bosqich qurilishiga $60 mln yo‘naltiradi. Loyihaning birinchi bosqichida 20ga yaqin rezidentni jalb etish rejalashtirilgan.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


Helix

Rossiyaning “Helix” kompaniyasi O‘zbekistonda diagnostika markazlarini ochishni rejalashtirmoqda.

Mamlakatda franshiza asosida kompaniyaning 350 ta diagnostika markazlari va laboratoriya punktlari ochiladi.


Orion Tobacco Poland

Polshaning “Orion Tobacco Poland” kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma ishlab chiqarishga 6 mln yevrogacha sarmoya kiritmoqchi.

Surxondaryo viloyatida tamaki ishlab chiqarish, Samarqand viloyatida kofe qadoqlash korxonasi va yong‘oqli shokolad ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.


Power International Holding

Qatarning “Power International” kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda.

Bu bo‘yicha Qatar kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Moris Ghattas va kompaniya tarkibiga kiruvchi “USS Holding” rahbari Muhammad Sabri bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyevning Qatarga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi.

“Power International Holding” yo‘llar, ko‘p tarmoqli shifoxona majmuasi, Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi mehmonxonalar qurilishida hamda “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishi mumkin.


Pronar

Polshaning “Pronar” kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich yaratishga sarmoya kiritmoqchi.

Respublikaning afzalligi zarur xomashyo — metall, shisha, plastmassa, kauchukning mavjudligidir.


ICBC Standard

Xitoyning “ICBC Standard” investitsiya banki O‘zbekistonning moliya bozoriga kirishni rejalashtirmoqda.

Bu bo‘yicha Londonda regulyator delegatsiyasi bilan investitsiya banki vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar O‘zbekiston moliya bozorida zaruriy infratuzulmani joriy qilish va normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasidagi ishlarni muhokama qilishdi.


Total Energies

Fransiyaning “Total Energies” neft-gaz kompaniyasi Markaziy Osiyodagi vakolatxonasini Toshkentda ochmoqchi.

Kompaniya O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


PTC Holding

Qozog‘istonning PTC Holding kompaniyasi 2024-yilda Toshkent yaqinida multimodal transport-logistika markazi qurishni rejalashtirmoqda.

Multimodal transport-logistika markazini barpo etish bo‘yicha Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Qozog‘istonning “PTC Holding” kompaniyasi muassisi Daniyar Abulgazinlar o‘rtasida hamkorlik va anglashuv memorandumi tasdiqlandi.


Bork

Rossiyaning Bork maishiy texnika brendi O‘zbekistonda do‘konlarini ochmoqchi. Qayd etilishicha, do‘konlar 2023-yil oxiri yoki 2024-yil boshida ochilishi rejalashtirilgan.


Siroya Jewellers

Hindiston “Siroya Jewellers” zargarlik firmasi O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtirmoqda

Shuningdek, kompaniya mahsulotlarini mamlakatdagi chakana savdo do‘konlariga yetkazib berish va sotishni yo‘lga qo‘yishga ham qiziqish bildirmoqda.