Janubiy Koreyaning “Hyundai Motor” avtomobil ishlab chiqaruvchisi faoliyati to‘xtatilgan Sankt-Peterburgdagi zavodni sotishga qaror qildi, deyiladi kompaniya bayonotida.

Qayd etilishicha, “Hyundai” direktorlar kengashi yig‘ilishda zavoddagi ulushini sotish rejasini kelishib olgan.

“Hyundai” zavodni may oyida “Volkswagen” aktivlarini sotib olgan rus dileri “Avilon” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Art-Finance” kompaniyasiga sotishi mumkin.

Bayonotda ta’kidlanishicha, kompaniya “Art-Finance” bilan kelishuvni yakunlamoqda.

“„Hyundai Motor“ Rossiyadagi „Hyundai“ mijozlariga sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish va boshqa yordam ko‘rsatishda davom etadi”, — deyiladi avtomobil ishlab chiqaruvchisi xabarida.

Janubiy Koreyaning “Chosun” nashriga ko‘ra, tranzaksiya qiymati taxminan 10 ming rublni (140 ming von) tashkil qilgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, “Hyundai” 2020-yilda sotib olgan Sankt-Peterburgdagi “GM” zavodini ham sotmoqda.

Sankt-Peterburgdagi zavod o‘tgan yilning 1-martida ishlashni to‘xtatganini e’lon qildi. Buning sababi logistikadagi uzilishlar tufayli komponentlarning etishmasligi edi.

“TACC” nashri shahar mehnat va bandlik qo‘mitasining noyabr oyi holati ma’lumotlariga tayanib, korxonaning 2,5 ming xodimidan 2,3 ming nafari ishlamay qolganini ma’lum qildi.

O‘tgan dekabr oyi oxirida “Vedomosti” zavod “Hyundai Solaris” avtomobillari uchun kuzovlar ishlab chiqarishni qayta boshlagani haqida yozgan edi.

Biroq, ular Rossiya bozori uchun emas, balki Qozog‘istondagi yig‘ish maydonchasi uchun mo‘ljallangan.