“Uzbekistan Airports” parvoz kechiktirilganda yo‘lovchilarga qanday bepul xizmatlar ko‘rsatilishi haqida ma’lumot berdi.
Parvoz kechikishi noqulay ob-havo sharoiti yoki samolyotdagi texnik muammolar tufayli sodir bo‘lishi mumkin.
Turli aviakompaniyalarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning turli xil shartlari mavjud.
Biroq, parvoz kechiktirilganida aviatashuvchi bepul taqdim etishi lozim bo‘lgan quyidagi asosiy xizmatlar mavjud:
- telefon orqali bir marotaba suhbat, elektron pochta xabarini yuborish yoki boshqa aloqa usullaridan bir martalik foydalanish;
- kutish vaqtida ichimlik suvi va issiq ovqat bilan ta’minlash;
- agar kutish vaqti tashuvchining qoidalarida belgilangan muddatdan oshib ketgan taqdirda, mehmonxona bilan ta’minlash;
- jo‘nab ketishni kutish davrida yo‘lovchini vaqtincha yashash joyiga va undan olib kelish uchun transport bilan ta’minlash;
- chiptada ko‘rsatilgan va o‘tkazib yuborilgan tranzit reyslari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash yoki qayta bron qilish.
Shuningdek, kichik bolalari (7 yoshgacha) bo‘lgan barcha yo‘lovchilarga, parvozning kechikish vaqtidan qat’iy nazar, ona va bola xonasiga kirish huquqi berilishi lozim.
“Uzbekistan Airports” aviakompaniyasi parvozlar kechiktirilgan taqdirda amalga oshirish zarur bo‘lgan tavsiyalarni berdi.
Xususan, bunday vaziyatda aeroportdagi ma’lumot ekranlari, rasmiy veb-saytdagi onlayn tablo yoki “Telegram"-bot orqali jadval yangilanishini kuzatib borish, barcha savollar bo‘yicha aviakompaniyaning rasmiy vakillariga murojaat qilish zarur.
Avvalroq Toshkent aeroportida rekonstruksiya ishlari sabab cheklovlar joriy qilingandi. Xususan, 8-dekabrdan aeroport estakadasi chiqish hamda uchib ketish zaliga kuzatuvchilarning kirishi vaqtincha cheklandi.