Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Free Link” internet-provayderini raqobatchini obro‘sizlantirish uchun javobgarlikka tortdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 11 oyi davomida qo‘mitaga insofsiz raqobat holatlari bo‘yicha 300ga yaqin murojaat kelib tushgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 100 nafar tadbirkorning huquqlari himoya qilindi.
Shuningdek, 62ta ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqilib, ularning aksariyatida qonun buzilishi holatlari aniqlangan.
Qonun buzilish holatlari kuzatilmagani uchun 13ta ish to‘xtatilgan, 7ta ish esa qo‘shimcha ma’lumot olinmaguncha kechiktirilgan yoki to‘xtatilgan.
Bundan tashqari, Raqobat qo‘mitasi “Free Link” internet-provayderi “Flink"ga qarshi “Comnet” internet provayderiga egalik qiluvchi raqobatchisi “IPlus"ni obro‘sizlantirish uchun ish ochdi.
Maxsus komissiya “Flink” raqobatchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi yoki uning ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatish orqali raqobat to‘g‘risidagi qonunning 21-moddasini buzgan deb topdi.
“Flink” kompaniyasiga qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.
Shuningdek, “Sunrise International” va “Trade Dubai Cars” kompaniyalari faoliyatida raqobat to‘g‘risidagi qonun talablarining buzilishi aniqlangan. Biroq, korxonalar bir necha bor qo‘mita talablarini bajarmagan va boshqa tadbirkorlar talablarini buzgan.
Shu bois boshqarma tomonidan mazkur kompaniya rahbarlariga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish uchun Toshkent shahri va Sirdaryo viloyati IIVga murojaat qilingan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Yandex Go” taksi xizmatining O‘zbekistonda ustun mavqeini tan olgandi. Ko‘rsatilgan xizmatlari yuzasidan korxonalar ichida eng katta bozor ulushi 86,3% bilan Yandex Go"ga to‘g‘ri keladi.