“Apple” dekabr oyi oxirigacha AQShda Watch Series 9 va Watch Ultra 2 aqlli soatlarini sotuvdan olib tashlaydi, deya xabar bermoqda “9to5Mac” portali.
Qayd etilishicha, amerikalik texnologiya giganti patent bahsida mag‘lub bo‘lganidan keyin shu qarorga kelgan.
2023-yil oktabr oyida AQSh Xalqaro savdo komissiyasi (ITC) yanvar oyida “Apple” “Masimo” tibbiy texnologiya kompaniyasi patentini buzganligi haqidagi sud qarorini tasdiqladi.
Mojaroga “Apple” Watch Series 9 va Apple Watch Ultra 2'da qo‘llaniladigan qon kislorod sensori sabab bo‘lgan.
“Apple” va “Masimo” o‘rtasidagi patent bahsi natijalari Jo Bayden ma’muriyatiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.
Prezident ma’muriyati 60 kun ichida Xalqaro savdo komissiyasi qarorining bajarilishiga veto qo‘yish huquqiga ega.
Ko‘rib chiqish muddati 25-dekabrda tugaydi, biroq “Apple” munozarali texnologiyaga ega mahsulotlarni sotishni to‘xtatib qo‘yishini oldindan e’lon qildi.
21-dekabrdan boshlab Watch Series 9 va Watch Ultra 2'ni “Apple” rasmiy veb-saytida xarid qilib bo‘lmaydi, 24-dekabrdan esa ushbu aqlli soatlar modellari kompaniyaning rasmiy chakana savdo do‘konlarida mavjud bo‘lmaydi.
Aksessuarlarni boshqa sotuvchilarga sotish taqiqlanmagan, biroq 25-dekabrdan boshlab qaror kuchga kirsa, “Apple” Watch Series 9 va Watch Ultra 2'ni boshqa chakana savdo nuqtalariga yetkazib bera olmaydi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, “Apple” o‘zining flagman aqlli soatlarini sotishni taqiqlashdan qochishi kutilmoqda.
Kompaniya Masimo patentlarini buzmaslik va shu orqali Apple Watch Series 9 va Apple Watch Ultra 2 ni sotuvda saqlab qolish uchun qondagi kislorod miqdorini o‘lchash uchun dasturiy ta’minotni o‘zgartirish niyatida.
“Masimo” kompaniyasining ta’kidlashicha, bahsli patentlar asosan dasturiy ta’minot bilan emas, balki texnik yechimlar bilan bog‘liq, shuning uchun dasturiy ta’minot yangilanishi Watch Series 9 va Watch Ultra 2'ni bozorda hozirgi ko‘rinishida saqlab qolish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Avvalroq “Spot” “Apple"ning iPhone va Apple Watch dizayni rahbari kompaniyani tark etishi haqida yozgandi.
U 2024-yil fevralida kompaniyani tark etadi, biroq uning ishdan ketish sababi ma’lum qilinmagan.