Dekabr oyining birinchi yarmida 73 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingan. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” ma’lum qildi.

Inspeksiya tomonidan dekabr oyining 15 kunida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 411 nafar iste’molchining energoresurslardan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Natijada davlat manfaatlariga jami 73,27 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Xususan, talon-toroj qilish holatlari hududlar bo‘yicha quyidagicha:

  • Toshkent viloyatida — 20ta holatda 25,3 mlrd so‘m;
  • Toshkent shahrida — 30ta holatda 11,3 mlrd so‘m;
  • Farg‘ona viloyatida — 52ta holatda 7 mlrd so‘m.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.

Inspeksiya mazkur resurslarga talab ortganida ulardan ayrim “tadbirkor"larning noqonuniy va o‘g‘rincha foydalanishlari tarmoqlarda ortiqcha yuklanishlarga hamda ta’minot barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etgan.

Tadbirkorlar elektr va gaz tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish, hisobga olish asboblariga tashqaridan aralashish yo‘li bilan talon-toroj qilish holatlari uchun qonunchilikda belgilangan qat’iy choralar ko‘riladi.

Avvalroq Samarqandda faoliyat yuritib kelayotgan mayning ferma energetika tizimiga 9,85 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgani haqida xabar berilgandi.