Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni IT sohasini rivojlantirish va davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Davlat rahbari jahon iqtisodiyoti tez o‘zgarib borayotgan sharoitda hech bir sohani raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.

“Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar — korrupsiyani yo‘q qilishga intilmagan rahbar”, — dedi prezident.

Joriy yilning o‘zida mamlakatda ta’lim, bank, moliya, bojxona, qishloq xo‘jaligi, geologiya, kadastr kabi sohalarni raqamli transformatsiya qilish doirasida 100ta dasturiy loyiha ishlab chiqildi.

500dan ziyod yangi IT kompaniyalari tashkil etilib, sohaga $475 mln to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi.

Yil yakuni bilan IT xizmatlari hajmi 10 trln so‘mga yetishi (2022-yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p), eksporti esa $300 mlndan oshishi (2 barobar) kutilmoqda.

Lekin sohani yanada rivojlantirib, xalqaro darajaga olib chiqish bo‘yicha qilinadigan ishlar ko‘p ekanligini qayd etdi prezident.


Hududlarda IT sohasi eksporti oshdi

Bu yil IT sohasi eksporti hududlarda quyidagicha oshdi:

  • Toshkent viloyatida — $100 mingdan $4,4 mlnga;
  • Samarqandda — $700 mingdan $3,2 mlnga;
  • Andijonda — $60 mingdan $2,8 mlnga.

Surxondaryoda ilk bor IT xizmatlari eksporti yo‘lga qo‘yilib, $1 mlndan oshdi.

Lekin, eksport Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryoda $500 mingga ham yetmaydi.

Hududlarda 20 mingdan ortiq yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanib, xalqaro onlayn platformalar orqali yaratgan mahsulotini chetga sotayapti.

Masalan, farg‘onalik yosh dasturchi Brayl alifbosini tarjima qiladigan dastur yaratib, AQSh, Meksika va Braziliyaga $150 mingga sotgan.


2026-yili O‘zbekistonda Xalqaro informatika olimpiadasi o‘tkaziladi

Prezident 2026-yilda Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Mutasaddilarga “maktab — tuman — viloyat — respublika” bosqichida tanlovlar o‘tkazib, 5−8 sinf o‘quvchilari orasidan eng salohiyatli 100 nafarini tanlab olish topshirildi.

IT yaxshi rivojlangan davlatlardan malakali ekspertlar jalb qilingan holda o‘quvchilar bo‘lajak xalqaro olimpiadaga chuqur tayyorlanadi.


“Raqamli mahalla” yagona platformasi ishga tushiriladi

“Raqamlashtirish, eng avvalo, mahalladan boshlanishi kerak”, — dedi davlat rahbari.

Hozir “mahalla beshligi” planshet va kompyuter bilan to‘liq ta’minlangan. Lekin mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli raqamli texnologiyalardan qanchalik foydalanayotgani savol ostida qolayotgani qayd etilgan.

Masalan, yoshlar yetakchisiga subsidiya olish uchun murojaat qilgan fuqaro haligacha mahalla raisi, hokim yordamchisi yoki bandlik bo‘limidan ishsizlik to‘g‘risida ma’lumotnoma olib kelishga majbur.

“Qachon mahallaga raqamlashtirish to‘liq kirib borsa, shundagina „Elektron hukumat“ ishlab ketdi, deb ayta olamiz”, — dedi Prezident.

Mutasaddilarga 1-martga qadar “Raqamli mahalla” yagona platformasini ishga tushirish va “mahalla yettiligi"ni raqamli tizimlardan foydalanishga o‘qitish topshirildi.


Kommunal sohada raqamli nazorat tizimi ishga tushiriladi

Barcha tarmoqlar va ular tizimidagi kompaniyalar rahbarlariga kelgusi yilda raqamlashtirish hisobiga tannarxni kamida 10−15%ga kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Xorijiy konsultantlarni jalb qilib, kommunal sohada raqamli nazorat tizimini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Kelgusi yilda avia, temir yo‘l, avtobus, metroning harakatlanish yo‘nalishlari va grafigi to‘g‘risida yagona tizimda onlayn axborot olish imkonini yaratish topshirildi.


Hujjatlarga apostil qo‘yish jarayoni raqamlashtiriladi

Umuman, budjetdan katta mablag‘ oluvchi vazirliklarda raqamlashtirish hayot-mamot masalasi bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Lekin, Sog‘liqni saqlash, Qishloq xo‘jaligi, Ekologiya, Bandlik vazirliklari, karantin va veterinariya idoralarida raqamlashtirish ishlari sust ketayotgani tanqid qilindi.

“Raqamli sog‘liqni saqlash” loyihasini amalga oshirish, Onkologik bemorlarning elektron reyestrini tuzish, dala va bog‘larda pestitsidlar cavdosi va qo‘llanilishi bo‘yicha raqamli nazorat tizimini joriy qilish, gaz va benzin quyish shoxobchalarida, Jamoat ishlari va Bandlik jamg‘armalari xarajatlari bo‘yicha onlayn nazoratni yo‘lga qo‘yishdagi oqsoqliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Adliya va Tashqi ishlar vazirliklarida hujjatlarga apostil qo‘yish jarayonini raqamlashtirish zarurligi qayd etildi.

Geologiya, Ichki ishlar vazirliklari, Bojxona qo‘mitasi hamda Andijon, Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklarida yagona elektron hujjat aylanish tizimi ishga tushmagan.

Toshkent shahrida aholi tomonidan ijobiy qabul qilingan “Xalq nazorati” tizimini yanada takomillashtirish kerakligi ta’kidlandi.

Barcha vazirlik, qo‘mita va hudud rahbarlari jiddiy xulosa qilib, oqsayotgan loyihalarni yakunlashi shartligi haqida ogohlantirildi.


Raqamli infratuzilmani rivojlantirishga xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi

Yig‘ilishda IT xizmatlarini rivojlantirish uchun hududlarda yuqori tezlikdagi internet kerakligi ta’kidlandi.

O‘tkazilgan so‘rovlarda “IT Park” rezidentlarining 33%i hududlarda internet tezligi pastligini aytgan.

Xalqaro magistral yo‘llarning muayyan qismlari mobil internet bilan qamrab olinmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois Raqamli texnologiyalar vazirligiga kelgusi yilda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalar jalb qilish topshirildi.

Shu bilan birga, hozirda vazirliklarning 50dan ortiq xizmatlari Yagona davlat xizmatlari portaliga ulanmagan.

Masalan, soliq deklaratsiyasini jo‘natish va keshbek olish, quyosh panelini tizimga ulash va unga subsidiya olish, transport to‘lov kartasini xarid qilish kabi xizmatlardan faqat idoraviy saytlar orqali foydalanish mumkin.

Barcha rahbarlarga uch oyda o‘z tizimidagi davlat xizmatlarini yagona portal orqali ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.


IT xizmatlari eksporti $800 mlnga yetkaziladi

IT sohasi rivojlangani sari kiberxavfsizlikni ta’minlashning dolzarbligi oshmoqda.

O‘tgan 11 oyda 5,5 mingta kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lsa, shundan 70%i bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatda 50ga yaqin to‘lov tizimi bo‘lib, ularning hammasi ham kiberxavfsizlik talablariga javob bermasligi qayd etildi.

Noyabr oyida IT vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha prezident qarori imzolandi.

Mutasaddi vazirlik va idoralarga barcha elektron to‘lov tizimlari uchun yagona kiberxavfsizlik talablarini ishlab chiqish va ijrosini qat’iy nazorat qilish topshirildi.

Umuman, IT xizmatlari hajmini 20 trln so‘mga, eksportni $800 mlnga yetkazish, tarmoqlarda 130ta axborot tizimini joriy qilish va 750ta davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish borasidagi rejalarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.